Avvalroq prezidentning “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Qaror bilan, 2026-yil 1-yanvardan YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda raqamli platformalarda generatsiya qilingan elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR kod mavjud bo‘lishi majburiy etib belgilandi.
Maxsus QR kod mavjud emasligi nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qo‘llamaslikka tenglashtiriladi.
Raqamli platformalar orqali berilgan xarid cheklariga nisbatan jismoniy shaxslarga keshbek qaytarish tartibi qo‘llanilmaydi.
YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga kreditlar olishda qulaylik yaratish maqsadida raqamli platformalardagi pul aylanmalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar kredit byurolariga kiritiladi.
Aprel oyida Markaziy bank O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal to‘lov QR-kodini yaratishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda individual QR-kod olgan tadbirkorlar soni 108 mingdan oshgan. QR-kodlar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi qariyb 31% ga oshib, 441,79 mlrd so‘mni tashkil etdi.
11-avgust kuni prezident tanishgan taqdimotda YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilishi ma’lum qilindi. Ular uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiradigan raqamli platforma yaratiladi.
Spot, avvalroq, 2026-yildan YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun aylanma solig‘i 1% gacha pasaytirilishi haqida yozgandi. Shuningdek, chakana savdo qoidalarining majburiy talabi sifatida elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-kodning mavjudli bo‘lishi belgilanayotgani aytilgan edi.