Uch qahramon bozori 17-avgustdan boshlab o‘z faoliyatini tiklaydi, deya xabar qildi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Bozor hududida yong‘indan zarar ko‘rgan 165 ta tadbirkorlik subyektiga 63 ta bo‘sh turgan do‘konlar berildi. Yana 125 nafar tadbirkor 2 oy muddatga ijara to‘lovidan ozod qilindi.
12 kv.metrli 56 ta do‘konda 112 ta, 24 kv.metrli ikkita do‘konda 8 ta, 9 kv.metrli beshta do‘konda esa beshta tadbirkor joylashdi. Sakkiz nafar tadbirkor faoliyatini to‘xtatishga qaror qilib, yordamdan bosh tortgan, yana to‘rt nafari do‘kon olish istagini bildirib, biroq ariza bermagan.
14-avgust kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bilan uchrashuvda do‘kon egalariga yer maydoniga egalik qiluvchi Toshkent metropoliteni bozorning keyingi faoliyati bo‘yicha qaror qabul qilishi ma’lum qilindi.
2026-yil mart oyida bozor hududida metropoliten uchun zarur infratuzilma obyektini qurish rejalashtirilgan. Zoyir Mirzayev tadbirkorlarga poytaxt metropoliteni rahbari Rahmonbek Usmonovning izohini yetkazdi.
Toshkent viloyati hokimining ma’lum qilishicha, 15-avgustdan yong‘indan jabr ko‘rgan tadbirkorlar bozorning omon qolgan qismidagi bo‘sh do‘konlarga ko‘chib o‘tishni boshlaydi.
Savdo majmuasi 17-avgustdan ish boshlaydi, ochilish kuni esa Zoyir Mirzayev har bir tadbirkor bilan shaxsan muloqot qilishga va’da berdi. Bo‘sh o‘rinlarning adolatli taqsimlanishini esa bozorda faoliyat yuritayotgan biznes vakillari nazorat qiladi.
Toshkent viloyati prokurori Azamat Mirzayevning ma’lum qilishicha, yong‘in kelib chiqish holatlariga aniqlik kiritish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun 40 nafar tergovchilar guruhi jalb qilingan. Bundan tashqari, bozor hududida sayyor shtab tartibida tezkor surishtiruv-tergov ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Spot Uch Qahramon bozoridagi yong‘in 6 million dollar zarar yetkazgani va do‘konlarning yarmiga zarar yetkazgani haqida yozgan edi.