Uch qahramon savdo majmuasida kelib chiqqan yong‘in natijasida kelib chiqqan zarar qariyb $6 mlnga baholanmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 11-avgust kuni yong‘in bozor mas’ul shaxslarining xavfsizlik qoidalarini buzishi natijasida kelib chiqqan hamda bozorning taxminan 8 ming kv.metr maydonini qamrab olgan.
Buning natijasida savdo do‘konlari ichidagi barcha mol-mulklar yonib, jamiyat va fuqarolarga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu 74 mlrd so‘mni (Markaziy bank kursi bo‘yicha $5,88 mln) tashkil etadi.
Xususan, savdo majmuasining A blogidagi 78 ta (106 ta do‘kon), C blokdagi 11 ta (19 ta do‘kon) va E blokdagi 48 ta (56 ta do‘kon) — jami 137 ta tadbirkor (181 ta tadbirkor do‘koni va 76 ta bo‘sh do‘kon) yong‘indan zarar ko‘rdi.
Holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi, 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan ish yurituvga olindi.
O‘rganishlarda yong‘in sababi sifatida bozorga kirishda o‘ng tomonda joylashgan birinchi va ikkinchi do‘konlar orasidan o‘tgan elektr simlarida yuzaga kelgan avariya (ortiqcha yuklanish, yuqori o‘tish qarshiligi) deya taxmin qilingan.
Sabablarni aniqlash maqsadida X.Sulaymonova nomidagi ekspertiza markazidan ekspertlar, yong‘in institut xodimlari va boshqa mutaxassislar ishtirokida hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, olingan ashyoviy dalillar yuzasidan sudga oid kompleks ekspertiza tayinlangan.
11-avgust kuni soat 02:22 da Toshkent viloyati FVBga bozorda yong‘in to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 02:29 da borib, yong‘inni bartaraf etish choralarini ko‘rgan.
Yong‘inni bartaraf etishga 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari jalb etildi. Soat 03:24 da qurshab olindi, soat 04:46 da esa o‘chirildi. Hozirgi vaqtga qadar tan jarohati olganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.
UzAning xabar berishicha, hozirda mutaxassislar tomonidan yong‘in sabablari hamda yetkazilgan zarar miqdorlari aniqlanmoqda. Qayd etilishicha, bozorda yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan foydalanilgan.
Bozorning yong‘inga qarshi himoyalanmagani, tez yonish xususiyatiga ega bo‘lgan tovarlar bilan to‘ldirilganligi tufayli alanga bir zumda butun bozorni qamrab olgan. Yong‘inda do‘konlarning 40%i yonib ketdi. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida esa, 12 ming kv.metr maydonda joylashgan savdo do‘konlari yong‘indan saqlab qolingan.
Avvalroq Toshkent bozorlarida arzonlashtirilgan narxlarda go‘sht sotilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Yangi savdo rastalarida mahalliy, shuningdek, Belarus, Mo‘g‘uliston hamda Hindistondan keltirilgan mahsulotlar sotilmoqda.