O‘zbekkimyomash zavodida xalqaro standartlarga mos adsorberlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, ushbu qurilma zavodlarda tabiiy gazni tozalashda muhim ahamiyatga ega. Ilk mahsulot Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yetkazib berildi.

Loyiha mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda, buning natijasida ichki talabni qoplash hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Adsorber tabiiy gazni oltingugurt birikmalaridan tozalashda ishlatiladi. Ular diametri 3 metr, devorining qalinligi 100 mm va uzunligi 19 metr bo‘lgan ulkan kolonna bo‘lib, 63 atmosfera bosimiga bardosh beradi. Vazni esa 147 tonnani tashkil qiladi.

09G2S-12 GOST 5520−17 standartiga muvofiq yuqori sifatli po‘latdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning adsorbsiya jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi:

  • Adsorbsiya: gazni tozalash;
  • Regeneratsiya: tozalovchi moddalarni qayta tiklash;
  • Sovutish: qurilmani keyingi siklga tayyorlash.

Mahalliy ishlab chiqarilgan adsorberlar tabiiy gaz tarkibidagi oltingugurt birikmalarini tozalash samaradorligi va xizmat qilish muddati yuqori bo‘lib, yana 8 ta qurilma Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yetkazib beriladi.

Adsorberlar oldin xorijdan olib kelingan bo‘lib, mahalliylashtirish dasturi doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi ularning tannarxini ikki barobar arzonlashtirish imkonini berdi.

Ushbu mahalliylashtirish dasturi doirasida O‘zbekkimyomash zavodida 1200 nafardan ortiq mutaxassislar ish bilan ta‘minlandi. Shuningdek, zavod yiliga 20 taga yaqin adsorber ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda yirik AES qurish loyihasi doirasida o‘rganish ishlari boshlangani haqida yozgandi. Agentlik direktori Azim Axmedxo‘jayev mamlakat energiya tizimiga yirik AESni “qisqa vaqt ichida” qo‘shish uchun barcha imkoniyatlar o‘rganilishini qayd etdi.