Farg‘ona viloyatida qalbaki kupyuralar muomalaga chiqib ketishdan to‘xtatib qolindi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.
Qo‘qon shahrida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarda 2003-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro qalbaki pullarni muomalaga kiritish bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs 50 mln so‘m qalbaki pullarni “shartli xaridor"ga haqiqiy 8 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, 50, 100 va 200 ming so‘mlik jami 315,5 mln so‘m qalbaki kupyuralar hamda $100 lik jami $120 ming miqdoridagi qalbaki kupyuralar borligi maʼlum bo‘ldi va tegishli tartibda olib qo‘yildi.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu qalbaki pul mablag‘larini unga yetkazib bergan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu kabi holat 2023-yilning may oyida Toshkent shahrida ham aniqlangandi. To‘rt nafar fuqaro qalbaki $100 mingni sotmoqchi bo‘layotgan vaqtida qo‘lga olingan.
2024-yil oxirida esa, Qariyb 1 mlrd so‘mlik qalbaki pullarning muomalaga kiritilishi oldi olindi. Farg‘ona viloyatida yashovchi 3 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, qalbaki 998 mln 740 ming so‘m pulni Jizzax viloyatida $27,2 mingga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, 2024-yili qariyb 1 mlrd so‘m qalbaki pullarni sotmoqchi bo‘lgan qonunbuzarlar ushlangandi.