Qariyb 1 mlrd so‘mlik qalbaki pullarning muomalaga kiritilishi oldi olindi. Bu haqda “UzA” xabar berdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1980, 1983 va 1989-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro sodir etgan ma’lum bo‘ldi.
Ular o‘zaro til biriktirib, qalbaki 998 mln 740 ming so‘m pulni Jizzax viloyatida $27,2 mingga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur shaxslardan olingan 200, 100 va 20 ming so‘mlik kupyuralar ko‘rinishidagi qalbaki banknotlar purkagichli printer yordamida chop etilganligi ma’lum bo‘ldi.
Qonunbuzarlarning 2 nafari muqaddam sudlangan shaxslardir. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi holat 2023-yilning may oyida Toshkent shahrida ham aniqlangandi. To‘rt nafar fuqaro qalbaki $100 mingni sotmoqchi bo‘layotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Avvalroq “Umra” tadbirlarini noqonuniy tashkil etayotgan litsenziyasiz turoperatorlar javobgarlikka tortilayotgani haqida xabar berilgandi. Toshkent shahri, Farg‘ona hamda Namangan viloyatlarida turfirmalar tomonidan fuqarolarni noqonuniy ravishda Umraga jo‘natish holatlari aniqlandi.