“Umra” tadbirlarini noqonuniy tashkil etayotgan turoperatorlar javobgarlikka tortilmoqda. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, qo‘mitaga 93 nafar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari tomonidan murojaatlar kelib tushgan. Ular “Umra” ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga borib, Makkada mehmonxonadan chiqarib yuborilganlarini hamda qaytish aviachiptalarisiz qolib ketganliklarni bildirishgan.
Ziyoratchilar tegishli litsenziyasiz, noqonuniy faoliyat olib borayotgan “Yusro Tour”, “Muslim Travel”, “Meta Travel” hamda “Elchi Travel” turoperatorlari orqali Saudiyaga borishgan.
O‘zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsulxonasi vakillari tomonidan holat o‘rganilganda, turfirma tomonidan mehmonxona pullari to‘lab berilmagani aniqlandi. Shu sabab fuqarolar mehmonxonadan chiqarib yuborilgan.
Aniqlanishicha, turfirma mehmonxonadan jami $35 ming miqdorida qarzdor bo‘lgan. Saudiyada qolib ketgan fuqarolar qaytarilib, noqonuniy faoliyat uchun jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Toshkentdagi “Yasin Travel” turfirmasi litsenziyaga ega bo‘lmasdan 74 nafar fuqaroni ziyoratga yuborgan. Tashkilot fuqarolarga Saudiya Arabistonining “Saudi Digital Embassy” muassasasi orqali bir yillik sayyohlik elektron vizasini rasmiylashtirib bergan.
Turfirma vakillari o‘zbekistonliklarning Saudiyaga borish-qaytish aviachiptalari mavjudligini aytib, ularga elektron shaklini tashlab bergan. Biroq, Jidda-Toshkent yo‘nalishidagi bu chiptalar qalbaki bo‘lib chiqdi. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaro O.M “Ultra parvoz” turfirmasi orqali fuqarolarni litsenziyasiz noqonuniy ravishda “Umra"ga yuborgan. Natijada bu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Namangan viloyatida fuqaro A.G‘ “Atlas travel” turfirmasi orqali 30 nafar fuqaroni “Umra"ga yuborish uchun aviachipta va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga $31 900 olib, joriy yilning 8-noyabr kuni Toshkent-Dubay-Jidda yo‘nalishida Saudiyaga yuborgan. Biroq, fuqarolarning O‘zbekistonga qaytishlari uchun aviachiptalarni rasmiylashtirmasdan $8 900ni o‘zining ehtiyojlariga sarflagan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi “Mahdiy travel”, “Parvoz ekspress” hamda “Muhayyo 22−10” turfirmalari fuqarolarga tegishli litsenziyasiz noqonuniy faoliyat ko‘rsatgani aniqlandi. Natijada ikkita firma rahbarlari va bitta fuqaroga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berilgandi.
O‘zbekistonda “Umra” tadbirlarini tashkil etish
Joriy yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.
Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.
Undan keyin, 12-oktabr kuni “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish jarayonini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, endilikda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerak bo‘ladi.
Xususan, ular quyidagi talablarni bajarishlari kerak:
- ziyoratchilarga guruh rahbari etib diniy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassisni tayinlash;
- diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida 1 nafar mutaxassisning mavjudligi;
- voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
- $1 mlnni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira sifatida qo‘yish (oldin $100 ming edi);
- o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
- ziyoratchilarni toifasi 3yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
- “Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
- xizmarlarni litsenziyadagi manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali ko‘rsatish.
“Spot” litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.