Avvalroq Spot 14-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, prezident chiqindilar bilan ishlash sohasida ko‘rilayotgan choralar yetarli emasligini ta’kidlab, O‘zbekistonda barcha turdagi chiqindilar bilan shug‘ullanish bo‘yicha topshiriq bergan.
Yig‘ilishda 15 turdagi chiqindini qayta ishlash va utilizatsiya qilish masalasi belgilab berildi. Ular orasida farmatsevtika va tibbiyot chiqindilari, organik chiqindilar, zaharli va radioaktiv ifloslanishlar mavjud. Bu sohaga xususiy investitsiyalar olib kelinadi hamda har bir hududda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha chiqindini qayta ishlashga qaratilgan tajriba yo‘lga qo‘yiladi.
“Xususan, Toshkent shahrida qurilish chiqindilarini qayta ishlashga $270 mln miqdorida investitsiya jalb qilinadi. Samarqand viloyatida umumiy investitsiya hajmi qariyb $18,5 mln bo‘lgan elektron chiqindilarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Barcha hududlar eksperiment tariqasida chiqindilarning barcha turlarini qamrab oladi, ular keyinchalik boshqa hududlarga ham kengaytiriladi”, — dedi Ekologiya vaziri.
Tumanlar kesimida zamonaviy chiqindilarni olib chiqish tizimi joriy etiladi. Bunda yangi texnika, kichik texnikalar, jumladan, elektromotorollerlardan foydalanib, chiqindilarni qayta yuklash stansiyalariga yetkaziladi hamda unda saralash ishlari amalga oshirilib, chiqindilar kuydirish zavodlariga yetkazib beriladi.
Respublika darajasida fuqarolarga chiqindi tashish mashinalari harakatini kuzatish, maxsus texnikalarning kelish vaqtini aniqlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi platforma yaratildi. Shuningdek, tizim operatorlar tomonidan xizmatlar sifatini nazorat qiladi.
Sifatsiz xizmatlar ko‘rsatilgan taqdirda operatorlar jazolanadi, aholi esa chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi. “Bu chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya va tashkilotlarning mas’uliyatini oshirishga imkon beradigan adolatli tizimdir,” — deya xulosa qildi Aziz Abduhakimov.
Avvalroq, Spot O‘zbekistonda akkumulyatorlar, avtomobillar, moylar, qadoqlar, shinalar va oynalar uchun ekoyig‘im joriy etilishi haqida yozgandi.