Toshkent va Namanganda fuqarolarni Xorvatiyaga ishga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Buxoro shahrida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan shaxs Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroga o‘zini go‘yoki sayyohlik firmasi vakili sifatida tanishtirgan.

So‘ngra Xorvatiyada tanishlari borligini aytib, ularni ishchi viza asosida bu mamlakatga ishga yuborish evaziga $6 ming talab qiladi.

Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan puldan $3 mingni oldindan olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, Namangan shahrida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan shaxs aldov yo‘li bilan 3 nafar hamshaharining ishonchiga kiradi.

Mazkur shaxs hozirda Xorvatiyada ishlovchi akasining ko‘magida ularni ushbu mamlakatga ishga yuborish evaziga har biridan $2,6 ming — jami $7,8 ming talab qiladi.

U Yangi Namangan tumanida ushbu pul mablag‘idan $3,9 mingni olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirda ikkala qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aprel oyida O‘zbekistonning ikkita hududida fuqarolarni chet elga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlangandi.

Avvalroq, Spot xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullangan Adworld Group 112,5 mln so‘m jarimaga tortilgani haqida yozgan edi.