Migratsiya agentligi fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini litsenziyasiz amalga oshirgan Adworld Group faoliyatida qonunbuzarlik holatlarini aniqladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik o‘tkazgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Adworld Group ijtimoiy tarmoqlarda Chernogoriya, Serbiya, Angliya, Litva, Norvegiya, Ummon va Yaponiya kabi davlatlardagi ish o‘rinlarini reklama qilgan. Shundan so‘ng, fuqarolarga konsalting bahonasida, aslida xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini taklif qilgan.
Taʼkidlanishicha, bu faoliyat “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonun talablariga zid ravishda litsenziyasiz amalga oshirilgan. Ushbu kompaniyaning noqonuniy faoliyatini blogerlar ham ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilgan.
“Blogerlar orqali berilgan noto‘g‘ri reklama odamlarda ishonch uyg‘otib, ko‘plab fuqarolar kompaniya xizmatlaridan foydalanish uchun pul to‘lashga rozi bo‘lgan va oqibatda aldanib qolgan”, deyiladi xabarda.
Migratsiya agentligi tomonidan Adworld Group‘ga nisbatan 112,5 mln so‘m jarima tayinlandi. Jarima ixtiyoriy ravishda to‘lanmagani sababli, mablag‘ni sud orqali undirish ishlari boshlangan.
Shuningdek, agentlik fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi. Unda ayrim blogerlar tarqatayotgan yolg‘on reklamalar orqali fuqarolar litsenziyasiz firmalarga ishonib aldanayotgani taʼkidlangan.
Migratsiya agentligi bunday holatlarni qoralab, inflyuyenserlar, blogerlarni jamoatchilik oldida masʼuliyatli bo‘lishga chaqirdi.
Shu bilan birga, fuqarolardan xorijda xavfsiz ishlash uchun faqat litsenziyaga ega agentliklarga murojaat qilish hamda shartnomalarni diqqat bilan o‘qish so‘ralmoqda.
Hukumatning joriy yil aprel oyidagi tegishli qarori bilan fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanishi belgilangan. Mazkur faoliyat bilan esa faqat agentlik tomonidan litsenziya olgan xususiy bandlik agentliklari shug‘ullanishlari mumkin.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi xorijga ish va o‘qishga ketayotgan fuqarolarni firibgar konsalting firmalardan ogohlantirgani haqida xabar berilgandi.