Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti bo‘yicha bitim loyihasini kelishib oldi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 11−14 avgust kunlari Toshkent shahrida Pensiya jamg‘armasi rahbariyati va Qirg‘iziston Ijtimoiy jamg‘arma vakillari o‘rtasida uhrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Qirg‘iziston pensiya ta’minoti tizimi, asosiy vazifa va maqsadlari, amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi bitim hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Ma’muriy Kelishuv loyihalari muhokama qilinib, vazifalar belgilab olindi.
Qirg‘iziston ijtimoiy jamg‘armasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarining sug‘urta va davlat pensiyalarini olishda teng huquqlarini ta’minlash hamda sug‘urta badallarini ikki marta to‘lashdan ozod qilishga qaratilgan bitim doirasida loyihalarning ayrim moddalariga aniqlik kiritilib, amalda qo‘llaniladigan hujjatlar shakllari kelishilgan.
Ushbu hujjatlar pensiya tayinlashda sug‘urta stajini jamlash, yetkazib berish xarajatlarini ushlab qolmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlarni amalga oshirish hamda xizmat safariga yuborilganda yoki ish muddati uzaytirilganda ikki karra ajratmalarni bekor qilish imkonini beradi.
Tomonlar muloqotni davom ettirish, pensiya ta’minoti bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish hamda amaliyotga qo‘llashga kelishib oldi. Qirg‘iziston tomoni bu ijtimoiy va iqtisodiy hamkorlik, jumladan, yirik infratuzilma loyihalari (“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston”) doirasida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishini kutmoqda.
Avvalroq, Spot O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalarni inflyatsiyadan yuqori darajada oshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi daromadlarini ta’minlash uchun ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar berishni kuchaytirmoqchi.