Avvalroq, Spot Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik sanoatining eksport imkoniyatlari va zaxiralaridan foydalanish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgandi.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov o‘zining Telegram-kanalida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatidagi inqiroz sabablarini tushuntirdi. Inqiroz belgilari orasida u ishlab chiqarish va eksport o‘sish sur’atlarining sekinlashishi, kompaniyalar to‘lay olmaydigan qarzlarning ko‘payishi, shuningdek, ba’zi kompaniyalarning bankrotlikka yaqinlashishini ta’kidladi.
Yuliy Yusupov inqiroz sababi haqida gapirar ekan, so‘nggi uch yilda paxta bo‘yicha jahon kotirovkalari tonnasiga ikki baravar — 2022-yildagi $3 mingdan $1,5 minggacha pasaygani klasterlar uchun katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotganini ta’kidlagan prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.
Mahsulot ishlab chiqarish uchun xomashyo bo‘lgan paxtaning arzonlashishi ishlab chiqaruvchilar manfaatiga mos bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Bu nazariy jihatdan tannarxning pasayishiga va mahsulot raqobatbardoshligining oshishiga olib kelishi kerak. Natijada to‘qimachilik klasterlari ko‘proq mahsulot ishlab chiqarish, ishlab chiqarishni kengaytirish, foyda olish va qarzlarni qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xomashyo narxining arzonlashishi to‘qimachilik sanoatini inqirozga olib kelgan vaziyatni Yusupov “miya portlashi” deb ta’riflagan.
Iqtisodchining tushuntirishicha, yuqoridagi mantiqiy zanjir bozor iqtisodiyotida ishlaydi, to‘qimachilik sanoati va qishloq xo‘jaligida esa yo‘q. Bu sohalarda “ma'muriy-buyruqbozlik iqtisodiyoti davom etmoqda, bu yerda hammani bozor va xususiy manfaatlar emas, balki mantiq va amaldorlarning manfaatlari boshqaradi”.
Paxta klasterlari rasman xususiy kompaniya bo‘lishiga qaramay, davlat tomonidan va’da qilingan imtiyozlar, shuningdek, paxtaning jahon bozoridagiga nisbatan past xarid narxlari kafolatlangan holda prezident qarorlari bilan tashkil etilgan.
Soliq imtiyozlari va past foizli kreditlar soliq to‘lovchilar va qarz oluvchilar hisobidan, paxtaning past narxi esa oldindan belgilangan yerlarda paxta yetishtirish va uni klasterlarga arzonlashtirilgan narxlarda sotish majburiyatini olgan fermerlar hisobidan ta’minlandi.
“Paxtaning jahon narxi yuqori bo‘lganida, bularning barchasi qandaydir yomon ishladi: fermerlarga ko‘proq to‘lanadigan bo‘ldi va ichki narxning pastligi klasterlarga daromad olish imkonini berdi. Ammo paxtaning jahon narxi pasaya boshlagach, butun sxema barbod bo‘ldi. Dastlab fermerlar uchun paxtaning xarid narxini pasaytirishga harakat qilindi. Ammo ma’lum bo‘ldiki, u holda ularni ishlab chiqarish umuman norentabel bo‘lib qolar ekan. O‘shanda fermer va to‘qimachilarni budjetdan subsidiyalash yo‘lidan bordik. Va men shuni tushundimki, ular bu yo‘ldan qaytmoqchi emas”, — dedi Yuliy Yusupov.
Uning aytishicha, bozor iqtisodiyoti bo‘lmagan sharoitda amaldorlar o‘ylab topgan davlat va xususiy loyihalarga katta miqdordagi mablag‘lar sarflanadi. Xususiy investorlar imtiyozlar, monopoliya va’dalari va arzon resurslar bilan jalb etilmoqda, bu ham biznes, ham amaldorlarning o‘zi uchun foydali hisoblanadi.
Bunday model ishlamay qolganda, masalan, jahon narxlarining pasayishi yoki raqobatbardoshlikning pasayishi tufayli korxonalar yangi imtiyozlar, subsidiyalar oladilar va monopol mavqeni saqlab qoladilar. Yuliy Yusupov bunga misol tariqasida 30 yil davomida yuqori import bojlari bilan himoyalangan avtosanoatni keltirdi.
“Imtiyozlar, subsidiyalar va sun’iy monopoliyalar mavjud bo‘lgan joylarda esa yana qaytimlar, shapkalar va arzimas poralar bilan amaldorlar… Bu sxema O‘KS deb ataladi: O‘zboshimchalik — Korrupsiya — Samarasizlik. Aynan shunday sxemalar mamlakatimizni qashshoqlikka olib keladi”, — deya xulosa qildi u.
Avvalroq Spot fermerlarga paxtani o‘z vaqtida terib olish uchun tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya berilishi haqida yozgan edi.