O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 524,92 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 27 so‘m 73 tiyinga oshdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda iyul oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi.
O‘zbek so‘mi ketma-ket uchinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Iyul oyida milliy valyuta kursi 62,4 so‘mga, yil boshidan buyon esa 328 so‘mga qimmatladi.
Spot ekspertlarning dollar qadrsizlanishi, oltin eksporti va pul o‘tkazmalarining o‘sishi hamda so‘m mustahkamlanishi haqidagi fikrlarini taqdim qildi.
Tahlilchilarning fikricha, mamlakatga valyuta oqimining kirib kelishi so‘m barqarorligiga yordam beradi. Biroq, uning mustahkamlanishi import tovarlarining arzonlashishiga ta’sir qilmasligi mumkin. Yil oxiri bilan dollar kursi 12 700−12 800 so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetgani haqida yozgandi. Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.
Mablag‘larning 78%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi — yanvar-iyun oylarida mamlakatdan $6,4 mlrd miqdorida o‘tkazmalar kelib tushgan. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.