O‘zbekistonda yengil avtomobillarni sotuvchi rasmiy dilerlar ro‘yxati e’lon qilindi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish (O‘zstandart) agentligi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, agentlikning rasmiy saytida mamlakatda muvofiqligi tasdiqlangan, rasmiy dilerlar tomonidan muomalaga chiqarilayotgan yoki sotilayotgan transport vositalarining ro‘yxati keltirilgan.

“Bu fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida tuzib chiqilib, birinchi marta sayt orqali e’lon qilindi”, deyiladi xabarda.

Xususan, ochiq ma’lumotlar yordamida 19 ta M1 toifasidagi avtotransport vositalarining ishlab chiqaruvchilari va ularning rasmiy dilerlari haqida ma’lumot olish mumkin.

Shuningdek, saytda avtomobil modeli, ishlab chiqaruvchi yoki diler joylashgan manzil hamda aloqa ma’lumotlari keltirilgan.

Batafsil ro‘yxat bilan havola orqali tanishish mumkin.

Avvalroq, Spot ekologik talablarga javob bermaydigan 2 mingdan ortiq avtomobil haydovchilariga chora ko‘rilgani haqida yozgan edi. Toza havo aksiyasining birinchi bosqichida 251 858 ta avtomobilda havoni ifloslantiruvchi moddalarning belgilangan me‘yorlarga muvofiqligi o‘rganildi.