18-avgust kuni o‘tkazilgan auksion savdolarida Navoiy viloyatining Nurota tumani, Zafarobod shaharchasidan 26,7 km shimoliy-g‘arbda joylashgan “Temirchi” oltin koni sotildi.
Temirchi uchastkasi Zafarobod qishlog‘idan 26,7 kilometr shimoli-g‘arbda va Navoiydan 35 kilometr shimolda joylashgan. Uchastka maydoni 249 gektar bo‘lib, oltin zaxirasi 6 tonnaga baholanmoqda.
Ushbu hududda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish huquqi uchun kechgan savdo jarayoni 12 soatdan ko‘proq davom etdi.
Jami 309 ta taklifdan so‘ng Zauris kompaniyasi 67,78 mlrd so‘m taklif bilan savdo g‘olibi deb topildi — bu boshlang‘ich narxdan (4,12 mlrd so‘m) deyarli 16,5 baravar ko‘p.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur kompaniya joriy yilning 4-iyul kun Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Faoliyat turi rangli metall rudalarini qazib olish hisoblanadi. Ustav kapitali — 10 mln so‘m. 100% ta’sischisi Feruza Fayziyeva, shuningdek u korxona rahbari hamdir.
Bundan tashqari, Fayziyeva 2020-yilda tashkil etilgan va moliya bozorlarini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi Marex Financial kompaniyasining 70% ulushiga egalik qiladi. Ikkinchi ta’sischi Marat Qurbongeldiyev bo‘lib, u ham 2023-yilda tashkil etilgan Marex Com kompaniyasiga egalik qiladi. Firmalarning ustav fondi mos ravishda 18,33 mln va 1 mln so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq Spot China National Gold Group O‘zbekistonda qimmatbaho metallar va muhim minerallarni qazib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.