Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvda endi kichik mehmonxonalardan turistik yig‘im undirilmasligi, kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqarilishi ma’lum qilindi.
Shunindgek, prezident biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng muhim instrumenti moliyaviy xizmatlar ekanini ta’kidladi.
“Yaxshi loyihalarga pul qidirayotgan tadbirkorlar ko‘p, investitsiya kiritaman, deganlar ham yetarli”, — dedi davlat rahbari.
Amaldagi tartibga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar investitsiya kiritayotgan shaxsni ta’sischi qilib olishga majbur. Lekin, bunga hamma ham rozi bo‘lmaydi. Shu bois resurs bo‘yicha asosiy yuklama haligacha banklarga tushayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda loyihaga soddalashgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi.
Bunda barcha korxonalar o‘zining loyihasini bu platformaga joylashtiradi, potensial investorlar esa istalgan loyihani tanlab, sarmoya kiritishi mumkin bo‘ladi.
Eng muhimi, investor ta’sischi emas, ulushdor sifatida daromadga sherik bo‘ladi, kiritgan mablag‘i kafolatli himoyalanadi.
Tadbirkorlar ushbu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha $1 mlrd mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Spot davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksport qarzdorligi uchun jarima qo‘llashga moratoriy e’lon qilinishi haqida yozgandi.
Davlat rahbari 1-noyabrgacha har bir tarmoq, hududiy korxonalar talabini o‘rganib, xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.