Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tadbirkorlar kuni munosabati bilan biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda IT, fintex va startaplarga keng yo‘l ochilgani natijasida marketpleyslar soni uch yil ichida 24 tadan 163 taga ko‘paygani qayd etildi.
Tadbirkor va hunarmandlar o‘z mahsulotlarini raqamli platformalar orqali eksport qilishga o‘rgandi. Ular anʼanaviy eksportdagi kabi milliy va xorijiy marketpleyslarda chetga sotgan tovari uchun QQSni qaytarishni so‘ragan.
Davlat rahbari mutasaddilarga buning tartibini tasdiqlab, amaliyotga joriy qilishni topshirdi.
Fintex-startaplarni ko‘paytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha besh yillik strategiya qabul qilinadi.
Raqamli moliyaviy xizmatlarni ko‘paytirish uchun yangi ekotizim — “ochiq banking” joriy qilinadi. Bu banklar, fintex kompaniyalar va startaplar o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi qayd etildi.
Bularning hisobiga yaqin yillarda startap loyihalarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi hozirgidan 10 karra oshadi.
Avvalroq talabalar va maktab o‘quvchilarining startap g‘oyalari uchun grantlar berilishi haqida xabar berilgandi.