Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kasalliklarni davolashda katta yuklama respublika muassasalariga tushmoqda. Shu bois viloyat va tuman miqyosida xizmatlarni kengaytirib, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda 1,5 mingta klinik protokol xalqaro talablarga moslashtiriladi va standart jarrohlik amaliyotlari ishlab chiqiladi. Eng keng tarqalgan kasalliklar bo‘yicha bemorlar marshrutlari ishlab chiqiladi va raqamlashtiriladi.

So‘nggi yillarda insult va infarktga olib keladigan gipertoniya, yurak ishemik kasalligi va qandli diabetning ko‘payishi kuzatilmoqda. Bunday holatlarning 85%i nogironlikka olib kelmoqda.

Shu bois birlamchi bo‘g‘inda sunʼiy intellektni keng qo‘llagan holda ushbu kasalliklarning oldini olish va davolash bo‘yicha yangicha protokol va yondashuvlarni joriy qilish taklifi bildirildi. Jumladan, EKG-telemetriya, telemeditsina, trombolizis terapiya, stentlash va tromboekstratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Insult belgilarini erta aniqlash algoritmini ommalashtirish va aholiga o‘rgatishga alohida eʼtibor qaratiladi.

prezident, shavkat mirziyoyev, sog'liqni saqlash, tibbiyot

Nevrologik kasalliklar va insultni samarali davolash maqsadida Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya tibbiyot markazi tashkil etiladi. Markaz uchun Toshkentda 250 o‘rinli zamonaviy bino quriladi, unda yiliga 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyati bo‘ladi.

Markaz hamda Samarqand va Buxorodagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Yaponiyalik hamkorlar ko‘magida xalqaro standartlar bo‘yicha erta reabilitatsiya xizmati joriy etiladi. 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi. Loyiha uchun $150 mln yo‘naltiriladi. Ushbu chora-tadbirlar nogironlik va mehnatga layoqatsizlikni kamaytirish imkonini beradi.

Shuningdek, amaldagi sog‘liqni saqlash tizimini xaritalash va raqamlashtirish, shu asosda tibbiyot muassasalarini yagona yondashuv asosida tashkil etish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklifi bildirildi. Bu ishlar doirasida yangi qurilish standartlari, poliklinika va kasalxonalarning namunaviy loyihalari shakllantiriladi, 210 ta sanitariya normasi qayta ko‘rib chiqiladi.

Bugungi kunda tuman darajasidagi 2,8 mingta poliklinikaga 1,5 mingta laboratoriya xizmat ko‘rsatayapti, uskunalarning aksariyati eskirgan, ayrim tahlillar qo‘lda bajariladi.

Shu bois 2030-yil yakuniga qadar 198 ta markazlashgan laboratoriya tashkil etish, ichki va tashqi sifat nazoratini yo‘lga qo‘yish, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bepul tahlillar soni oshiriladi.

Hamshiralar akademiyasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Professional tibbiyot akademiyasiga aylantirish taklifi bildirildi. Xalqaro hamkorlar bilan birga yangi dasturlar joriy qilinadi, hamshiralarni NCLEX imtihoni asosida xalqaro sertifikatlash yo‘lga qo‘yiladi. Oliy maʼlumotli hamshiralar tayyorlash yo‘nalishiga qabul kvotasi bosqichma-bosqich oshiriladi.

Barcha o‘quv dasturlari xalqaro tashkilotlar talablari asosida akkreditatsiyadan o‘tkaziladi, oilaviy tibbiyot bo‘yicha integratsiyalashgan taʼlim dasturi va bir yillik internatura joriy etiladi. “Bemor yonida” o‘qitish ulushini oshirish, bilimlarni baholashning ikki bosqichli tizimi hamda tibbiyot xodimlarini ro‘yxatga olish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi faoliyatini yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasiga, onalar va bolalar o‘limini kamaytirishga, jarohatlanishning oldini olishga yo‘naltirish taklif etilmoqda. Buning uchun yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqiladi.

prezident, shavkat mirziyoyev, sog'liqni saqlash, tibbiyot

Qon xizmatini takomillashtirish bo‘yicha 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan dastur qabul qilinib, tibbiyot muassasalarining qon bilan taʼminlanganligi 100%ga yetkaziladi. Qon preparatlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qon xavfsizligini taʼminlashning zamonaviy usullari, jumladan, viruslarni inaktivatsiya qilish va nurlantirish joriy etiladi. Bu o‘lim holatlarini kamaytirish va qonga ehtiyojni taʼminlash imkonini beradi.

O‘zbekiston farmatsevtika bozori bugungi kunda $2 mlrddan oshgan. Islohotlar aholini sifatli, xavfsiz va samarali dori vositalari bilan taʼminlashga qaratilgan.

Bu yo‘nalishda, JSST mezonlarini inobatga olgan holda, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda tan olish tartibi joriy etiladi. Jeneriklarning bioekvivalent sinovlari o‘tkaziladi, tibbiy buyumlarni ularning xavfsizlik sinflari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishning tabaqalashtirilgan tizimi qo‘llaniladi. Bu borada faoliyatni boshlash uchun xabardor qilish tartibi joriy etiladi.

Shartnoma asosida ishlab chiqarish va texnologiyalar transferi rivojlantiriladi, farmnazoratning zamonaviy mexanizmlari tatbiq qilinadi.

Prezident bildirilgan takliflarni maʼqullab, tegishli hujjatlarni imzoladi. Belgilangan vazifalar ijrosini tizimli va sifatli taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Aprel oyi boshida Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan tibbiyot sohasini yaxshilash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratilishi ma’lum qilingandi.

Spot, avvalroq, endi oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada faoliyat yuritishi haqida yozgandi.