Yaponiyaning Sojitz korporatsiyasi Toshkentning yangi xalqaro aeroportiga $200 mln sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sojitz Corporation prezidenti Kosuke Uemura O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Biz hamkasblarimiz bilan birgalikda yangi xalqaro aeroport [Toshkent] loyihasi ustida ishlamoqdamiz”, — dedi Sojitz korporatsiyasi rahbari kelajakdagi rejalar haqida gapirar ekan.
2024-yil iyul oyida Toshkentda Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi vakolatxonasi ochilgandi. O‘shanda kompaniyaning loyihalaridan biri Samarqandda $300 mlnlik tibbiyot markazi qurilishi bo‘lishi xabar berilgandi.
18-avgust kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Sojitz Corporation bilan energetika, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarni qamrab olgan yangi yo‘l xaritasini imzoladi.
Yangi Toshkentda aeroport
1-avgust kuni prezident Toshkent uchun yangi xalqaro aeroport qurilishini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Birinchi bosqichda havo porti yiliga 20 mlngacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, bir vaqtning o‘zida 169 ta samolyotni joylashtirish va soatiga 40 dan ortiq uchish va qo‘nishni ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev yangi aeroport to‘liq raqamlashtirilishi va “eng zamonaviy texnologiyalar"dan foydalangan holda qurilishiga va’da berdi.
2024-yil sentabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot bilan suhbatda poytaxtning 13-tumani — Yangi Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishini ma’lum qilgandi.
“Barchasi reja asosida. Hozircha hech kim hech narsa boshlamagan. Tez orada — prezident ma’qullagach boshlanadi. Avval investor topishimiz va u bilan hamma narsani kelishib olishimiz kerak. Loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida [amalga oshiriladi]”, — dedi u.
Transport vaziri o‘rinbosarining qayd etishicha, vaqt o‘tishi bilan yangi operatorlarni jalb qilish, xususiy investitsiyalar va yangi yer uchastkalarini o‘zlashtirish bilan o‘tish ko‘zda tutilmoqda. Yangi aeroport qurilgach, moslashish va sinovdan o‘tkazish davri boshlanadi, bu esa taxminan 2−3 yil davom etadi.
Choriyev o‘sib borayotgan yo‘lovchilar oqimi va talablarni qondirish uchun mavjud aeroportni doimiy ravishda kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Yangi aeroport foydalanishga topshirilgunga qadar mavjudiga investitsiya kiritish, jumladan, perronlar, avtoturargohlar va aerovokzalni kengaytirish davom etadi.
“Biz [yangi aeroport] qurganimizdagina investitsiyalarni to‘xtatamiz. Keyin moslashuv davri boshlanadi. Men investitsiya kiritish va kengaytirishni to‘xtatishni aytgan bo‘lardim. Agar biz [mavjud aeroportni] kengaytirmasak, yomon ahvolga kelib qoladi”, — dedi Jasurbek Choriyev.
Agar 2030-yilgacha yangi aeroport qurilsa, hech bo‘lmaganda 2028−2029-yillarga qadar mavjud aeroportni rivojlantirish va unga sarmoya kiritish kerak, deya qo‘shimcha qildi u. Moslashish davrida yangi aeroportga o‘tish munosabati bilan mavjud aeroportga investitsiyalar to‘xtatiladi.
Prezidentning 2024-yilning 31-avgustdagi qarori bilan Transport vazirligi, Uzbekistan Airports, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligiga sentabr oyida yangi aeroport qurish va boshqaruvini topshirish bo‘yicha strategik tashabbuskorlar bilan muzokaralar o‘tkazish topshirilgan.
Loyihaning dastlabki qiymati $1,5 mlrdni tashkil etib, 2025-yilda loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, xususiy sherikni tanlash rejalashtirilgan. 2026-yilning dekabrigacha esa DXSh bitimini imzolash belgilangan.
Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Yangi Toshkent bosh rejasiga muvofiq, hududda aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Iyun oyida hukumat qarori bilan egizak minoralar, ikkita universitet kampusi, davlat idoralari va qirg‘oq joylashgan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlangandi.
Avvalroq Spot Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini shu yilning sentabr oyi boshida yakunlash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati Spotga ma’lum qildi.
Avvalorq Spot Andijon aeroporti xalqaro reyslarni qabul qilishni qayta tiklagani haqida yozgandi.
Flyone Asia aviakompaniyasining Andijon-Jidda-Andijon yo‘nalishidagi muntazam reysi yo‘lga qo‘yildi. Aviaqatnov haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.