Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Unda ochiq muloqotlarni o‘tkazish boshlanganida asosiy murojaatlar soliq stavkalarini tushirish bilan bog‘liq bo‘lishi eslab o‘tildi.
Sohada katta o‘zgarishlar qilindi. Buni aholi va tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijasi ham tasdiqlayapti: ularning 79% i so‘nggi besh yilda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sharoit ancha yaxshilanganini aytgan.
Lekin tadbirkorlardan soliq maʼmurchiligi bo‘yicha o‘rinli savollar tushmoqda. Amaldagi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan oshgan korxonalar foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lagani uchun aylanma mablag‘dan qiyinchilik yuzaga kelmoqda.
Shu bois, endi ushbu tartib faqatgina yiliga 20 mlrd so‘mdan yuqori aylanma qiladigan korxonalar uchun amal qilishi eʼlon qilindi. Natijada 14 mingga yaqin tadbirkor ixtiyorida qo‘shimcha 1 trln so‘mlik aylanma mablag‘ qoladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12% ga tushirilgani hisobiga bu soliq rejimida ishlayotgan tadbirkorlar soni kun sayin ko‘payayotgani qayd etildi. Lekin, hali ko‘pchilik “QQSga o‘tsam, hisob-kitob qiyinlashadi, buxgalter olishim kerak, xarajat oshadi”, deb shubhalanmoqda.
Shu bois, aylanma soliqdan QQSga o‘tadigan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi, hisobotida xatolik bo‘lsa ham, jarima qo‘llanmaydi, buxgalterlar maoshining 5 mln so‘mgacha qismi olti oygacha bunday korxona to‘layotgan soliqdan chegirib tashlanadi.
Bugungi kunda soliq tekshiruvlari bo‘yicha 20 mingdan ziyod tadbirkorlarda 16 trln so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlangan. Bu minglab biznes vakillarining tadbirkorlik reytingidagi o‘rniga salbiy taʼsir qiladi.
“Shu bois bugun o‘ziga xos „amnistiya“ eʼlon qilamiz, ushbu tekshirishlar bo‘yicha jazo qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga 1-noyabrgacha tadbirkorlarimizga barcha xato va kamchiliklarni ixtiyoriy to‘g‘irlash imkoni beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, 1-noyabrdan boshlab biznes vakillari tadbirkorlik reytingini „toza sahifadan“ boshlaydi”, — dedi prezident.
Birinchi yarim yillikda Soliq qo‘mitasi soliq nazorati natijasida 13,4 trln so‘mlik qo‘shimcha soliqlar va moliyaviy jarimalar hisoblagan.
Avvalro, Spot yer va mol-mulk soliqlari maʼmurchiligi billing tizimiga integratsiya qilinishi haqida yozgandi. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma’lum qilishicha, soliq to‘lovchilarga xato va kamchiliklarni shaxsiy kabinet orqali qo‘shimcha jarimalarsiz bartaraf etish imkoniyati berilishi mumkin.