O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aviaqatnovlar soni oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ostonada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo — Xitoy (S5+1) fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha ishchi guruhining ikkinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Xitoy fuqaro aviatsiyasi administratsiyasi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokara davomida ikki mamlakat o‘rtasida kelishilgan aviaqatnovlar sonini 130 tagacha oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston aviatashuvchilari uchun ruxsat berilgan Xitoy shaharlari sonini ko‘paytirish, Xitoyga parvoz qilish huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston aviatashuvchilari sonini 8 ta yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakuniga bo‘yicha tegishli hujjat imzolandi. Mazkur hujjat Xitoy tomoni o‘zining ichki kelishuv jarayonlarini tugatganidan so‘ng kuchga kiritilishi kutilmoqda.

2024-yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan C5+1 fuqaro aviatsiyasi konferensiyasida O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy parvozlar sonini haftasiga 100 taga yetkazishga kelishib oldi. Uchishga ruxsat berilgan kompaniyalar soni ikki baravar ko‘paydi.

Hukumat tomonidan tayinlangan xitoylik aviatashuvchilar Xitoyning istalgan shahridan O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarga rejali reyslarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston kompaniyalari uchun ochiq bo‘lgan Xitoy havo bandargohlari soni 12taga ko‘payadi. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 61 ta yo‘lovchi tashish hamda 120 dan ortiq yuk tashuvi va tranzit parvozlari amalga oshirib kelinmoqda.

Avvalroq, Spot O‘zbekiston va Qozog‘iston muntazam aviaqatnovlar sonini haftasiga 238 tagacha oshirishi haqida yozgandi. Endilikda Toshkentdan Olmaota va Ostonaga haftasiga 42 tagacha, boshqa yo‘nalishlarda esa 14 tagacha reyslarni amalga oshirish mumkin.