Avvalroq 20-avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan beshinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, 2026-yildan boshlab aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta QQSga o‘tgan tadbirkorlar rag‘batlantirilishi belgilandi.
Jumladan, ular bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. Shuningdek, QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi.
6 oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan (4 mln 448,5 ming so‘m) oshmagan qismini to‘layotgan soliq to‘lovlari hisobidan chegirib tashlanadi.
Farmon bilan, foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 10 mlrd so‘mdan 20 mlrd so‘mga oshiriladi. Ular o‘z mablag‘lari hisobidan ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari qurib, beg‘araz topshirganda, qilingan xarajatlar foyda solig‘i bazasidan kamaytiriladi.
2025-yil 1-avgust holatiga soliq xavfi 16 trln so‘m bo‘lgan 20 mingdan ortiq subyektga soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyati beriladi.
2026-yildan boshlab sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi. Mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
Farmon bilan, Soliq qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasiga bir qator o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritishi belgilandi. Xususan:
- soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy jarima miqdorini kichik tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslariga nisbatan BHMning 10 baravaridan 3 baravariga (4,12 mln so‘mdan 1,236 mln so‘mga) tushirish, fuqarolar uchun BHMning 3 baravaridan 1 baravariga (1,236 mln so‘mdan 412 ming so‘mga) tushirish;
- hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlari taqdim etilmagan holatda umumiy bitta jarima qo‘llash;
- oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik subyektlariga hisobotni o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarimani 5 kungacha qo‘llamaslik.
Prezident 20 mingdan ziyod tadbirkorga “amnistiya” eʼlon qilinib, soliq tekshiruvlari bo‘yicha 16 trln so‘mlik xato va kamchiliklar bo‘yicha jazo qo‘llanmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, kichik biznes uchun kechiktirilgan soliq hisobotlariga jarimalar 3 baravarga kamaytirilishi haqida xabar berilgandi.
Avvalroq, Spot yer va mol-mulk soliqlari maʼmurchiligi billing tizimiga integratsiya qilinishi haqida yozgandi. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma’lum qilishicha, soliq to‘lovchilarga xato va kamchiliklarni shaxsiy kabinet orqali qo‘shimcha jarimalarsiz bartaraf etish imkoniyati berilishi mumkin.