Britaniyalik investor O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash loyihasini amalga oshirishi mumkin. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdulaziz Israilov boshchiligidagi delegatsiya Londonda investor Garri Janogli bilan muzokara o‘tkazdi. Unda Toshkentda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Toshkent shahrida qurilish sohasida va maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi Garri Janogli o‘zi rahbarlik qiladigan kompaniyalar O‘zbekistonda ana shunday loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanligini bildirdi.
“Tomonlar mazkur tashabbus nafaqat ekologik barqarorlikni ta‘minlash, balki yangi ish o‘rinlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni O‘zbekistonga jalb etish va atrof-muhitga mas‘uliyatli yondashuvni rivojlantirishga xizmat qilishini ta‘kidladi”, deyiladi xabarda.
Foto: Ravshan Usmanov, O‘zbekistonning Buyuk Britaniya va Islandiyadagi elchisi / Instagram
Yaqinda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov Britaniya kompaniyasi ishtirokida Toshkentda qurilish chiqindilarini qayta ishlash zavodi qurilishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish chiqindilari poytaxtning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Har kuni 5−6 ming tonnaga yaqin ana shunday chiqindilar hosil bo‘lmoqda.
“Toshkent shahrida [qurilish chiqindilari uchun] maxsus poligon yo‘q, mavjudi ham juda uzoqda. Shu tufayli qurilish chiqindilari u-bu joyga tashlab ketilmoqda”, — dedi hokim.
Shavkat Umurzakov prezident Toshkentda yoki poytaxt yaqinida qurilish chiqindilarini qayta ishlash zavodini qurishga ruxsat berganini qayd etdi. Hozirda hokimlik Angliya kompaniyasi bilan loyiha ustida muzokaralar olib bormoqda. Loyiha qurilish chiqindilarini qayta ishlash va ulardan ikkilamchi taxta, inert va metall materiallar olish imkonini beradi:
Avvalroq prezident chiqindi mashinalarining harakatini onlayn kuzatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.