20-avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan beshinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik moratoriy eʼlon qilinishi belgilandi.

Moratoriy 2027-yil 1-yanvargacha amal qiladi. Bunda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik holatlari bartaraf etilganda qo‘llanilgan jarimalar bekor qilinadi.

2026-yildan Turizmni rivojlantirish dasturi joriy etiladi. Unga ko‘ra, 2026−2028-yillarda joylashtirish vositalarini tashkil qilish uchun kamida 5 ming gektar yer uchastkalari elektron onlayn auksionga chiqariladi. Bunda:

  • yer uchastkalarining auksion savdolarida shakllangan narxidan kelib chiqib, quriladigan mehmonxona ustav kapitalining 50% idan oshmagan qismigacha davlat ulushi bilan sherik bo‘lib kirish mexanizmi joriy qilinadi;
  • davlat ulushini 10 yil davomida bozor qiymatida mulk ishtirokchisi yoki boshqa salohiyatli investorlarga realizatsiya qilish imkoniyati yaratiladi;
  • 2026−2028-yillarda banklar tomonidan barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatgacha kreditlar ajratiladi.

Kreditlar viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari, turizmga ixtisoslashgan tumanlarda 30 mlrd so‘mgacha, boshqa hududlarda 10 mlrd so‘mgacha ajratiladi.

Har yili sayyohlarning eng ko‘p eʼtiborini qozongan joylashtirish vositalarini aniqlash bo‘yicha mukofot jamg‘armasi $1 mlnga teng tanlov o‘tkaziladi.

2026-yil 1-yanvardan respublika tuman va shaharlarida joylashgan joylashtirish vositalari uchun turistik yig‘imni hisoblash va to‘lash tartibi bekor qilinadi.

Oilaviy mehmon uyi sifatida tan olish uchun bir vaqtning o‘zida vaqtincha yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish mumkin bo‘lgan turistlar soni bo‘yicha belgilangan chegara miqdori 2 baravar oshiriladi.

Mehmonxonani qo‘shimcha bino va inshootlar qurish orqali kengaytirish uchun ketgan xarajatlarining bir qismi byudjetdan qoplab beriladi.

2026-yildan davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam miqdori hududda shakllangan ijara to‘lovining minimal bozor narxidan kelib chiqib belgilanadi.

Shuningdek, davlat ko‘chmas mulkini ijaraga berish muddati 3 yildan 5 yilgacha oshiriladi.

20-avgust kuni bo‘lib o’tgan prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik moratoriy e’lon qilinishi aytilgandi.

Spot, avvalroq, endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona turistik yig‘im to‘lamasligi haqida yozgandi.