Shavkat Mirziyoyev yana bir guruh tadbirkorlarni mukofotladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

Bular qatorida Alkogolsiz ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) raisi Alfiya Musina, Lider Kabel Group korxonasi rahbari Yusufbek Zoitbekovlar bor. To‘liq ro‘yxat bilan quyida tanishish mumkin.

“Mehnat shuhrati” ordeni bilan:

  • Abduraximov Avaz Ergashboyevich — Yakkasaroy tumanidagi 64 BIT korxonasi maslahatchisi, Toshkent shahri;
  • Ag‘zamov Hamidulla Atovullayevich — Zangiota tumanidagi Toys Uz korxonasi rahbari, Toshkent viloyati;
  • Zoitbekov Yusufbek Qudratbek o‘g‘li — Zangiota tumanidagi Lider Kabel Group korxonasi rahbari, Toshkent viloyati;
  • Ibragimov Rashid Xasanovich — Toshkent tumanidagi Online building project korxonasi rahbari, Toshkent viloyati;
  • Karimbayev Xo‘rsandjon Dadajonovich — Zangiota tumanidagi Farm Diyor korxonasi rahbari, Toshkent viloyati.

“Do‘stlik” ordeni bilan:

  • Musina Alfiya Raximovna — Alkogolsiz ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi;
  • Raximbayev Aydin — Qozog‘istonning BI Group xoldingi direktorlar kengashi raisi.

Prezident tadbirkorlar kuni arafasida 49 nafar tadbirkorni mukofotlagan edi. Jumladan, Anglesey Food korxonasi (Korzinka) kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvoni, Akfa Group kompaniyalar guruhi asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Shuningdek, 112 nafar biznes vakili “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangandi. Bular qatorida Bellissimo Pizza taʼsischisi Farrux Abdullayev, Sales Doctor rahbari Alisher Isayev, O‘zbekiston marketing uyushmasi raisi Diyor Mirzaaxmedovlar bor.

alfiya musina, bi group, mukofot, prezident, tadbirkorlik, ochiq muloqot, tadbirkorlar kuni

Spot UzBev ijrochi direktori Alfiya Musina Shavkat Mirziyoyevni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatishni taklif qilgani haqida yozgandi.

Prezident Musinani “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash taklifini bildirdi va bu taklifni “samimiy” deb ta’rifladi. Mirziyoyev Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi a’zolarining O‘zbekistonga faol sarmoya kiritayotgani uchun Musinaga minnatdorchilik bildirib, investitsiyalarni yanada ko‘paytirishga da’vat etdi.

Avvalroq 20-avgust kuni Yangi Toshkentda tadbirkorlarga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.