TBC Bank Group OLX Uzbekistan (OLX UZ) aksiyalarining nazorat paketini sotib oldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Sotuvchi Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group edi. Ta’kidlashicha, bitim TBC Uzbekistanga O‘zbekistondagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan oltinchi sayt bo‘lgan OLX UZ orqali yangi mijozlar segmentlariga kirish imkonini beradi. OLX Uzbekistan oyiga 5,4 mln faol foydalanuvchi va 2,2 mln dolzarb e’lonlarga ega.

“Bitim O‘zbekistonning tez rivojlanayotgan texnologik sektori uchun muhim voqea bo‘ldi va so‘nggi 30 yil ichida eng yirik qo‘shilish va sotib olishlar qatoriga kird”, — deyiladi xabarda.

OLX UZ’ni sotib olish uchun TBC Bank Group Titan Investments bilan qo‘shma korxona tashkil etdi — bu dunyoning yetakchi institutsional investorlari, oilaviy sarmoyalarni boshqarish kompaniyalari va Yaqin Sharq suveren fondlari bilan ishlaydigan xalqaro investitsiya holding kompaniyasidir.

Qo‘shma korxona OLX Uzbekistan aksiyalarining 100%ini sotib oladi, TBC Bank Group esa 50% + 1 aksiyaga, Titan Investments esa qolgan ulushga egalik qiladi.

Shartnoma kerakli tartibga solish ruxsatnomalarini olgandan keyin yakunlanishi kerak. TBC Bank Group daromadli o‘sib borayotgan OLX Uzbekistanni TBC Uzbekistan ekotizimiga integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. OLX Uzbekistan o‘z brendi ostida faoliyatini davom ettiradi.

TBC Uzbekistan raqamli bank mahsulotlarini OLX Uzbekistan’ga integratsiya qilishni rejalashtirmoqda.

TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani OLX Uzbekistan onlayn e’lonlar platformasini sotib olish kengayish va diversifikatsiya strategiyasida mantiqiy qadam ekanligini ta’kidladi.

Bu kompaniyaga yangi mijozlarni jalb qilish, qo‘shimcha segmentlarga kirish va auditoriya e’tiborining ulushini oshirish imkonini beradi.


Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi TBC Bank Groupga Billz operatorining 46,67% ulushini sotib olishga rozilik bergani haqida yozgandi. Kompaniyaga bitim yuzasidan raqobatni ta’minlashga qaratilgan talablar qo‘yildi.