Uzbekistan Airways ayrim OAV va onlayn-resurslarda kompaniya ma’lumotlar bazasidan ma’lumotlar sizib chiqqani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, hozirgi vaqtda axborot tizimlariga ruxsatsiz kirish yoki yo‘lovchilar hamda xodimlarning shaxsiy ma’lumotlari oshkor qilinishi bilan bog‘liq birorta ham tasdiqlangan hodisa qayd etilmagan. Infratuzilma odatdagi tartibda ishlamoqda.

Nashrlarda keltirilgan misollar ishonchsizligi ta’kidlanib, ular kompaniya axborot tizimlariga aloqador emasligi qayd etildi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, mazkur ma’lumotlar sun’iy ravishda yaratilgan yoki tahrirlangan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, ayrim OAVda tarqalgan xabarlar munosabati bilan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Unda ma’lumotlarning komprometatsiya qilinmagani tasdiqlangan bo‘lsa-da, xavfsizlik darajasini yanada kuchaytirish choralarini ko‘rish belgilandi.

Aviakompaniya OAV vakillari va internet foydalanuvchilaridan tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni, chunki bunday xabarlar jamoatchilikni chalg‘itishi va kompaniya obro‘siga putur yetkazishini eslatib o‘tdi.

Bundan oldin Daily Dark Web sayti darknetdagi forumlardan birida Uzbekistan Airways’ga tegishli deb aytilayotgan katta ma’lumotlar arxivi e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.

Sotuvchining ma’lumotlariga ko‘ra, fayl taxminan 300 gigabayt hajmdagi ma’lumotni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular Postgres va S3 ma’lumotlar bazalariga tegishli ekanligi aytilmoqda.

Nashr muallifining aytishicha, bazada kompaniyaning 400 ming yo‘lovchisi haqidagi ma’lumotlar, chiptalar va to‘lovlar tafsilotlari (shu jumladan qisman ochilgan karta raqamlari) mavjud. Bundan tashqari, arxivda yo‘lovchilar va xodimlar o‘rtasidagi yozishmalardan olingan taxminan 500 mingta xabar ham saqlanayotgani ta’kidlangan.

Bundan tashqari, muallif bazada 40 ta davlat fuqarolarining pasportlari va boshqa hujjatlarning, jumladan haydovchilik guvohnomalari va nikoh guvohnomalarining skanerlangan nusxalari borligini ta’kidlagan. U o‘z so‘zlarini “isbotlash” uchun go‘yo bazadan olingan bir nechta pasportlarning suratlarini e’lon qilgan.


Avvalroq Spot yarim yil ichida Uzbekistan Airways foydasi 45% ga o‘sib, 390 mlrd so‘mni tashkil etgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, aviakompaniyaning chipta sotishdan olingan daromadi xizmatlar tannarxiga qaraganda tezroq oshib borgan.