Avvalroq Toshkentda tungi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Jami 15 ta yo‘nalish bo‘yicha tungi avtobuslar harakati soat 22:00 dan 06:00 gacha Toshkentning markaziy ko‘chalari bo‘ylab amalga oshiriladi.
Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Olloyor Norbo‘tayevning Gazeta’ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahrida tungi avtobuslarning birinchi yo‘nalishi 2025-yilning oxirigacha ish boshlaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda 31 ta avtobus harakati quyidagi 8 ta yo‘nalish bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi:
- T1: Qo‘yliq dehqon bozori — Husayn Boyqaro ko‘chasi;
- T2: Qipchoq ko‘chasi — O‘zgarish metrosi;
- T3: Chilonzor buyum bozori — Gulxaniy ko‘chasi;
- T4: Mahalliy aeroport (Terminal 3) — Chorsu savdo markazi;
- T5: Shifobaxsh suvlar ko‘chasi — Chorsu ASHB;
- T6: Yunusobod mavzesi 6-daha — Yunusobod mavzesi 17-daha;
- T8: Toshkent vokzali ASHB — Shofayz mahallasi.
Qayd etilishicha, ushbu bosqichda jami 136 km yo‘l qamrab olinadi. Buning uchun esa 19,1 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi.
“Ularning raqami T dan boshlanadigan qilib taklif berganmiz, ya’ni T1, T2, T3 deb. Mana shu yilning oxirigacha T1 yo‘nalishimizni ochishni rejalashtirganmiz”, — dedi boshqarma boshlig‘i v.b. Ollayor Norbo‘tayev.
Bunda, T1 yo‘nalishi Bektemir tumanining Husayn Boyqaro ko‘chasidan Qo‘yliq bozori tarafga harakatlanib, Qo‘yliq bozoridan hozirgi Xonobodtepa shoh ko‘chasi orqali yuradi.
Ikkinchi bosqichda 7 ta yo‘nalish bo‘yicha harakat yo‘lga qo‘yilib, avtobuslar umumiy 98 km yo‘ldan o‘tadi. 23 ta avtobus jalb etiladigan bu bosqich uchun esa 14,2 mlrd so‘m sarflanishi reja qilingan. Yo‘nalishlar:
- T9: G‘ishtko‘prik chegara posti — Amir Temur xiyoboni;
- T10: TTZ ASHB — Amir Temur xiyoboni;
- T11: Food city majmuasi — Amir Temur xiyoboni;
- T12 Qipchoq metro bekati — Amir Temur xiyoboni;
- T13: Chilonzor buyum bozori — Chorsu savdo markazi;
- T14: Nazarbek mahallasi — Chorsu ASHB;
- T15: Keles shaharchasi — Chorsu ASHB.
“Ushbu ko‘chalar orqali turizm yo‘nalishlarini tashkil etishning asosiy vazifalari tungi vaqtda harakatlanish zarur bo‘lgan shahar punktlarini aniqlash, yo‘lovchilar ko‘p bo‘lgan yo‘nalishlar asosida, yo‘lovchi oqimini rejalashtirish, xavfsizlik, monitoring va raqamli to‘lov tizimlarini joriy etishdan iborat”, — dedi Olloyor Norbo‘tayev.
Norbo‘tayev chipta narxi kunduzgi avtobus narxlari (QR-kod orqali 3000 so‘m, elektron to‘lovlar uchun — 1700 so‘m) bilan bir xil bo‘lishini ta’kidlagandi. Uning qo‘shimcha qilinishicha, Turizm komissiyasi tomonidan narxni qimmatroq belgilash bo‘yicha takliflar bildirilgan. “Mazkur yo‘nalishdagi tushumni hisobga olmaganda, mahalliy budjetga o‘rtacha 33 mlrd so‘m yuklama tushishi mumkin”, — degandi u.
2024-yilning noyabr oyida Strategik islohotlar agentligi tungi iqtisodiyot bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi va O‘zbekistonda rivojlantirish istiqbollarini o‘rganib, jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik rejimga o‘tkazishni taklif qilgandi.
Avvalroq Toshkentda 4 mingdan ortiq yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt avtobuslarida yo‘l haqqini to‘lamasdan harakatlanayotgan fuqarolarga nisbatan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.