Aeroflot sentabr oyida O‘zbekistonning ayrim shaharlariga parvozlarni tiklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya aviatashuvchisi saytida xabar berildi.

13-sentabrdan aviatashuvchi Moskva-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar chastotasini haftasiga uchtadan beshtagacha oshiradi. Moskvadan parvozlar seshanba va shanba kunlari, qaytish esa chorshanba va yakshanba kunlari rejalashtirilgan.

14-sentabrdan boshlab Rossiya aviakompaniyasi Moskvadan Buxoroga muntazam reyslarni tiklamoqda. Parvozlar haftasiga to‘rt marta: chorshanba, juma, shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

15-sentabrdan boshlab Aeroflot Moskva va Urganch o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni qayta yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar haftasiga uch marta: dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

16-sentabrdan boshlab Sankt-Peterburgdan Samarqandga haftasiga ikki marta (chorshanba va juma kunlari) yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar amalga oshiriladi.

17-sentabrdan esa Toshkentga ham yangi parvozlar yo‘lga qo‘yiladi — aviqatnovlar haftasiga ikki marta (payshanba va shanba kunlari) bo‘ladi.

Iyul oyida Aeroflot’ga yirik xakerlik hujumi uyushtirildi, o‘nlab reyslar bekor qilindi. Aviakompaniya 60 ga yaqin reyslarni, jumladan, Moskva-Toshkent reyslarini bekor qilishga yoki kechiktirishga majbur bo‘ldi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklashga kelishib olgani haqida yozgandi.