Silk Avia aviakompaniyasi sentabr va oktabr oylarida rejalashtirilgan bir qator aviaqatnovlarni bekor qildi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, kompaniya texnik sabablarga ko‘ra parvozlarni to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Bular:
- US753/754 Toshkent-Termiz-Toshkent;
- US757/758 Toshkent-Termiz-Toshkent;
- US501/502 Toshkent-Namangan-Toshkent;
- US801/802 Toshkent-Buxoro-Toshkent;
- US401/402 Toshkent-Farg‘ona-Toshkent;
- US851/852 Toshkent-Navoiy-Toshkent.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilar ilgari xarid qilingan aviachiptalar uchun pullarni to‘liq qaytarib olishlari yoki bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lgan taqdirda aviakompaniyaning boshqa aviaqatnovlariga qayta bron qilishlari mumkin.
“Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va tushunishingizga umid qilamiz. Havo qatnovi xavfsizligi bizning asosiy ustuvor vazifamizdir”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Silk Avia 16-maydan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab aviachiptalar narxini pasaytirgan edi. O‘zgarishlar 13 ta asosiy yo‘nalishga ta’sir ko‘rsatadi. Avvalroq Uzbekistan Airways iqtisodiy-klass tariflari narxini pasaytirgan edi.
Avvalroq, Spot O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aviaqatnovlar soni 130 tagacha oshirilishi haqida yozgandi. Xitoyga parvoz qilish huquqiga ega O‘zbekiston aviatashuvchilari soni 8 ta yetkazilib, ular uchun shaharlar soni ko‘paytiriladi.