Ilon Mask Microsoft’ga raqobatchi bo‘ladigan Macrohard kompaniyasiga asos soldi. Bu haqda u X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
xAI kompaniyasi AQShda Macrohard savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirdi, bu sun’iy intellektga asoslangan dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha yangi bo‘linmaning nomi bo‘ladi.
Maskning ta’kidlashicha, Macrohard an’anaviy dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilariga muqobil sifatida yaratilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Microsoft kabi kompaniyalar apparat ta’minotini ishlab chiqarmaydi va ularning mahsulotlari to‘liq sun’iy intellekt yechimlari bilan almashtirilishi mumkin.
https://twitter.com/elonmusk/status/1958852874236305793
Arizaga ko‘ra, Macrohard sun’iy intellekt agentlari yordamida inson tafakkurini taqlid qiluvchi dasturiy mahsulotlar va bulutli xizmatlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Faoliyat yo‘nalishlari orasida nutq va matn yaratish uchun yechimlar ham mavjud.
AQShda tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza 2025-yil 1-avgustda topshirilgan.
xAI 2023-yil 12-iyulda tashkil etilgan. Ilon Maskning aytishicha, kompaniyaning maqsadi “koinotning asl mohiyatini anglash” hisoblanadi. Kompaniya muhandislik yadrosining asosini OpenAI, Google DeepMind, Google Research, Microsoft Research, Tesla va Twitter kabi yetakchi texnologiya kompaniyalaridan kelgan mutaxassislar tashkil etadi.
Avvalroq Spot Ilon Maskning kompaniyalari Apple va OpenAI’ni sudga bergani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, xAI kompaniyasi va X ijtimoiy tarmog‘i ularga qarshi “insofsiz raqobat va til biriktirish” sababli sudga da’vo arizasi kiritgan.