Avvalroq Silk Avia sentabr va oktabr oylaridagi bir qator yo‘nalishlardagi aviaqatnovlarini bekor qilgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya texnik sabablarga ko‘ra Termiz, Namangan, Farg‘ona, Buxoro va Navoiyga aviaparvozlarni to‘xtatdi.

Undan keyin aviakompaniya parvozlar jadvalidagi vaqtinchalik o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlarni yangiladi.

Havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi munosabati bilan 1-sentabrdan 24-oktabrgacha ayrim yo‘nalishlarda parvozlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritildi.

O‘zgarishlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Toshkent-Termiz-Toshkent yo‘nalishi: 21 ta aviaqatnovdan 3 tasi qisqartiriladi (US753/754, US757/758, US753/754);
  • Toshkent-Buxoro-Toshkent; 20 ta aviaqatnovdan 2 tasi qisqartiriladi (US801/802, US801/802);
  • Toshkent-Farg‘ona-Toshkent: 7 ta aviaqatnovdan 3 tasi qisqartiriladi (US401/402, US401/402, US401/402);
  • Toshkent-Navoiy-Toshkent: 4 ta aviaqatnovdan 1 tasi qisqartiriladi (US851/852).

Ushbu yo‘nalishlardagi qolgan aviaqatnovlar jadval bo‘yicha amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Toshkent-Namangan-Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovlar vaqtinchalik bekor qilinadi. Parvozlar sentabr oyining birinchi yarmida texnik xizmat va ta’mirlash ishlari yakunlangach qayta tiklanishi rejalashtirilgan.

Bekor qilingan aviaqatnovlarga xarid qilingan chiptalar qiymati to‘liq qaytarib beriladi yoki yo‘lovchilar xohishiga ko‘ra, aviakompaniyaning shu yo‘nalishlardagi boshqa parvozlariga bepul qayta bron qilishi mumkin.

Aviakompaniya yo‘lovchilardan yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, parvozlar xavfsizligi kompaniyaning “ustuvor vazifasi ekani"ni qayd etdi.

Avvalroq, Spot O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aviaqatnovlar soni 130 tagacha oshirilishi haqida yozgandi. Xitoyga parvoz qilish huquqiga ega O‘zbekiston aviatashuvchilari soni 8 ta yetkazilib, ular uchun shaharlar soni ko‘paytiriladi.