O‘zbekistonda distribyutor va dilerlarga minilgan avtomobillarni almashtirishga ruxsat beriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 22-avgust kuni qabul qilingan qarorida qayd etildi.

Unga ko‘ra, hukumatning 2006-yil 7-martdagi qarori bilan tasdiqlangan avtomobillar bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

“Ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari” o‘rniga endi “avtomototransport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar, ularning distribyutor va diler tashkilotlari, shuningdek, distribyutor tashkilotlarining dilerlari” mavjud.

Shu bilan birga, avtomobilsozlik sohasida distribyutor va diler tushunchalariga aniqlik kiritilmoqda: distribyutor yangi avtomobillarni sotish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi bilan, diler esa distribyutor yoki ishlab chiqaruvchi bilan kelishuvga ega tashkilot hisoblanadi.

Hukumat qarorida yangi — Trade-Up tushunchasi joriy etilmoqda. U ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomashinani minilgan avtomashinaga narxlardagi farqni to‘lagan holda almashtirishni nazarda tutadi. Avval hujjatda faqat eski avtomobilni qo‘shimcha to‘lov evaziga yangisiga almashtirishni ko‘zda tutuvchi Trade-In mexanizmi tilga olingan edi.

Budan distribyutor va diler tashkilotlari oldin foydalanilgan avtomashinalarni sotib olish va sotishlari mumkin bo‘ladi. Ular bilan tuzilgan bitimlar esa notarial rasmiylashtirishni talab qilmaydi.

Avvalroq, Spot fuqaroga sotilgan “kraska"li Onix yangisiga almashtirib berilgani haqida yozgan edi. Shuningdek, Asacar avtosaloni iste’molchining avtomobil bilan bog‘liq 10,5 mln so‘m xarajatlarini to‘liq qoplab berdi.