Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 4 ta yer usti piyodalar o‘tish yo‘laklari qurilishi boshlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu yo‘l o‘tkazgichlar Ohangaron shoh ko‘chasida — Toshkent halqa avtomobil yo‘lining 42−47 km qismida qurilishi rejalashtirilgan.
Yashnobod tumani hokimligining Gazeta’ga ma’lum qilishicha, ular quyidagi manzillarda joylashtiriladi:
- THAY 43-kilometri — Sahovat-non do‘koni yaqinida;
- THAY 44-kilometri — Adamari do‘koni yaqinida;
- THAY 45-kilometri — Olmos (4-bekat) metro bekati yaqinida;
- THAY 45,5-kilometri — Olmos mahallasi yaqinida.
“Ushbu inshootlar aholining xavfsiz yurib o‘tishini ta’minlaydi, transport oqimini yaxshilaydi va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, qurilish ishlari doirasida yo‘l bo‘yida joylashgan ayrim sog‘lom bo‘lmagan daraxtlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahar boshqarmasining tegishli ruxsatnomasi va nazorati ostida boshqa joyga ko‘chirilib, o‘rniga yangi daraxt va ko‘chatlar ekilmoqda.
Hokimlik yangi ekilgan daraxtlar 3 yil davomida muntazam sug‘orilib, parvarish qilinishi va ularning o‘zlashtirilishi doimiy nazorat ostida bo‘lishini qayd etgan. “Bu shahar infratuzilmasini rivojlantirish bilan birga, ekologik muvozanatni ta’minlash va yashil hududlarni kengaytirishga xizmat qiladi”, deya xulosa qilingan.
Iyul oyida Xitoyning China State Construction Engineering Corporation kompaniyasi Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida 200 km yo‘l va to‘rtta yo‘l o‘tkazgich qurishi ma’lum qilingandi. Buning uchun poytaxt hokimligi kompaniyadan $300 mln jalb qilgan.
Avvalroq Toshkentda sun’iy intellektga ega kameralar piyodalarga yo‘l bermayotgan haydovchilarni aniqlay boshlagani haqida xabar berilgandi. Bunday kameralar allaqachon 10 ta piyodalar o‘tish joyida ishga tushirilgan va u orqali uch kun ichida 1700 ta jarima qo‘llangan. Tez orada ular yana 30 ta chorrahada paydo bo‘ladi.