O‘tgan hafta O‘zbekiston fintex bozorida muhim voqea yuz berdi — TBC Bank Group OLX Uzbekistan’ning nazorat paketini sotib oldi.

Mamlakatda eng ko‘p tashrif buyuriladigan saytlar ro‘yxatida oltinchi o‘rinda turuvchi OLX bugun oyiga 5,4 mln faol foydalanuvchi va 2,2 mln dolzarb e’lonlarga ega. Endilikda platforma TBC Uzbekistan bilan qo‘shilib, bankning raqamli xizmatlari integratsiyasi orqali rivojlanishning yangi bosqichiga chiqishi kutilmoqda.

TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani ushbu bitimni kompaniyaning kengayish va diversifikatsiya strategiyasidagi mantiqiy qadamlaridan biri sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, bu jarayon bankka yangi mijozlarni jalb qilish, qo‘shimcha segmentlarga kirish va auditoriyani kengaytirish imkonini beradi.

“Bizning maqsad — iste’molchilarga xarid qilish va sotib olishda yordam berish, C2C (iste'molchidan iste’molchiga) asosidagi platforma atrofida ekotizim yaratish. Keyinchalik esa bu ikki ekotizimni bir-biriga bog‘lash mumkin bo‘ladi. Bu „ikki tomonlama tarmoq“ yoki „ikki tomonlama platforma“ deyiladi. Bu ayrim davlatlarda juda muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan, biz ham buni O‘zbekistonda amalga oshirmoqchimiz, ishonamizki, bunga erishamiz”, — dedi Nika Kurdiani.

Bu TBC’ning O‘zbekistondagi ilk investitsiyasi emas. Kompaniya bundan avval mamlakatdagi eng yirik to‘lov tizimlaridan biri — Payme’ni sotib olgan, 2025-yil iyunida esa BILLZ startapidan $12 mlnlik nazorat paketini qo‘lga kiritgan edi.

Spot mutaxassislar bilan OLX xaridi bozordagi kuchlar taqsimotini qanday o‘zgartirishi, bank nima uchun nobank platformalarga pul tikayotgani va boshqa o‘yinchilar endi nimani kutishlari mumkinligini muhokama qildi.


fintex, olx uzbekistan, tbc bank, tbc bank group

Andrey Tereshin,

BirBir reklama xizmati bosh direktori.

TBC va OLX bitimi — bu O‘zbekiston bozorini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqadigan muhim qadam. U global tendensiyani aks ettiradi: moliyaviy va digital-xizmatlar yagona yechim sifatida birlashuvchi ekotizim quriladi.

Bu yo‘nalish allaqachon Xitoy va Rossiyada o‘z samaradorligini isbotlagan: bu mamlakatlardagi banklar uzoq vaqtdan beri mijozlarga nafaqat moliyaviy boshqaruvni, balki onlayn xarid qilish, restoranda stol band qilishdan tortib avtomobil sotib olishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli kundalik xizmatlarni taklif qiluvchi ko‘p funksiyali platformalarga aylangan. O‘zbekistonda ham xuddi shunday — tez orada biz TBC tranzaksiyalar drayveri sifatida raqamli savdo maydonchasi bilan to‘liq ekotizimni yarata oladimi yoki yo‘qligini bilib olamiz.

Biz bunda bozor uchun xatarlarni ko‘rmayapmiz, aksincha, u qo‘shimcha turtki oladi. Yaqin yillarda O‘zbekistonda asosiy raqobat klassifaydlar o‘rtasida emas, balki mijozlar bilan ishlashning onlayn va oflayn kanallari o‘rtasida bo‘ladi. Butun bozorning vazifasi — oflayn yechimlar yoki Telegram kabi markazlashmagan kanallar o‘rniga zamonaviy raqamli platformalardan foydalanish odatini shakllantirish.

Soha rivojiga qancha ko‘p o‘yinchi sarmoya kiritsa, elektron tijorat madaniyati shuncha tez shakllanadi. Natijada, ko‘proq tanlov va yaxshiroq shartlarga ega bo‘lgan yakuniy foydalanuvchi yutadi.

OLX va TBC integratsiyasi holatida foydalanuvchilar uchun asosiy salohiyat bank mahsulotlarining paydo bo‘lishidir: bo‘lib to‘lash, avtokreditlar, ipoteka, kichik va o‘rta biznes uchun faktoring. Foydalanuvchi bitta ekotizimda moliyaviy va savdo ehtiyojlarini qoplashi mumkin. Bu oddiy texnologik vazifa emas, lekin butun dunyo aynan shu yo‘nalishda harakat qilmoqda.

Shu bilan birga, TBC OLX’ning ko‘plab muammolarini hal qilishi kerak: xavfsizlik va frodning past darajasi, noqulay interfeys va beqaror ishlashi, sifatli vertikal xizmatlarning yo‘qligi, hududlarga zaif kirib borishi.

O‘zbekistondagi klassifaydlar bozori hali boshlang‘ich bosqichda. Xususiy shaxslar o‘rtasidagi ommaviy bitimlar endigina faollashmoqda, Toshkentdan tashqarida qamrov yetarli emas va tor vertikallarni (masalan, avtomobil yoki ko‘chmas mulk bo‘yicha) keng miqyosda ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan foydalanuvchilarning kritik hajmi hali mavjud emas. Yirik bitimlar sohani oldinga siljitishga qodir: ular kapitalga yo‘l ochadi, auditoriya ishonchini oshiradi va yangi sifat standartlarini belgilaydi.

Biz TBC tez orada sotib olingan aktiv bo‘yicha o‘z rejalarini ma’lum qilishini kutyapmiz. Banklarni onlayn platformalar bilan birlashtirish, texnologiya kompaniyalarining o‘zi bilan raqobatdan himoyalanishning bir usuli hisoblanadi. Braziliya (MercadoLivre), Xitoy (Ant Financial), Rossiya (Ozon) va boshqa mamlakatlarda bir xil pattern'ni kuzatish mumkin: elektron tijorat kompaniyalari katta auditoriyani jalb qilib, o‘z segmentida operatsiyalar uchun “go-to” maydonchalariga aylanadi, keyin esa banklarning eng daromadli biznes turlaridan biri — ekvayring, iste’molchilarni kreditlash hamda kichik va o‘rta biznesni tanlab olib, fintex mahsulotlarini taklif qiladi. Ehtimol, TBC ekotizim tomon harakatlanayotgan boshqa xususiy banklar bilan uzoq muddatli raqobat muammosini hal qilmoqda. Bu bir vaqtning o‘zida ham bank auditoriyasini kengaytirish, ham OLX foydalanuvchilariga yangi xizmatlarni taklif qilishdir.

Asosiy savol — O‘zbekistonda fintex va elektron tijorat chorrahasida paydo bo‘layotgan barcha ekotizimlar uchun yetarlicha joy bormi?


fintex, olx uzbekistan, tbc bank, tbc bank group

Akmal Paiziev,

Numeo, Newmax Technologies, Maxtrack, Workly, MyTaxi va Express24 kompaniyalari asoschisi, Paiziev24 Telegram-kanali muallifi.

Menimcha, bu kelishuv to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn savdoga emas, balki fintex industriyasi va startap ekotizimiga katta ta’sir qiladi. Chunki TBC mazkur kompaniyalar yordamida mavjud va potensial mijozlariga yangi kanallar orqali yetib boradi. Startaplarni sotib olish esa bozordagi harakatni kuchaytiradi va investorlar uchun ham signal bo‘ladi.

OLX — bu gorizontal e’lonlar platformasi (classifieds), ya’ni uning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibi mavjud emas. Faqat ayrim vertikal yo‘nalishlarda raqobatchi kompaniyalar bor. Umuman, bu industriya hali ham to‘liq monetizatsiya modelini topmagan. Agar TBC bu xariddan keyin OLX uchun yangi monetizatsiya usullarini yo‘lga qo‘ysa, butun soha uchun foydali bo‘ladi. Shu orqali mahalliy platformalar uchun ham yangi standartlar shakllanishi mumkin.

OLX’ning juda katta mijozlar bazasi mavjud. Lekin u hozirgacha markazlashgan boshqaruv va kuchli mahalliy muhandislar jamoasi yo‘qligi sababli to‘liq samaradorlik bilan ishlamayapti. Menimcha, TBC bilan hamkorlikdan keyin OLX ancha kuchli e-commerce o‘yinchisiga aylanishi mumkin. Bugungi kunda ham ko‘plab tranzaksiyalar OLX orqali amalga oshiriladi, lekin ularni platforma samarali monetizatsiya qilolmayapti. Agar bu yo‘lga qo‘yilsa, foydalanuvchilar uchun yangi qulayliklar va xizmatlar paydo bo‘ladi.

Men kelishuvning aniq summasini bilmaganim bois uning miqyosi haqida gapirish qiyin. Lekin bunday bitimlarning o‘ziyoq bozor uchun muhim signal: investorlar O‘zbekiston bozorida harakat borligini ko‘radi, ular sonlar va statistik ma’lumotlar asosida o‘z hisob-kitobini qila oladi. Bu esa xorijiy kapital uchun ijobiy ko‘rsatkichdir.


fintex, olx uzbekistan, tbc bank, tbc bank group

Abduqahhor Tashmuhammedov,

Green White Solutions biznesni avtomatlashtirish IT kompaniyasi asoschisi.

TBC’ning OLX va BILLZ’ni qo‘shib olishi startap ekotizimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Bu holat “davlat tashkilotida ishlash” yoki “kichik biznes yuritish"dan ko‘ra, kapitalizm tomon qadam tashlashga turtki beradi. Nega? Chunki bunday bitimlar asoschilarga ham, xodimlarga ham yangi imkoniyatlar ochadi.

Masalan, startap 5−6 yil ichida rivojlanib, qisqa vaqtda bir necha million dollar sof foyda ko‘rishi mumkin. Agar kompaniyada opsion tizimi joriy etilgan bo‘lsa, bunda xodimlar biznes bilan shug‘ullanmasdan turib ham katta daromad bilan chiqib ketish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Buni biz ilgari boshqa loyihalarda, jumladan Bios misolida ko‘rganmiz.

Raqobat jihatidan bu kelishuvda o‘zgarishlar kutmayapman. Aksincha, OLX TBC ekotimiziga qo‘shilgach, undagi oldi-sotdi jarayonida Payme orqali to‘lov qilish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatlarini platformada oson amalga oshirish imkoni yaratilishi mumkin. Bu biznes operatsiyalari va tranzaksiyalarning yanada shaffofligiga olib keladi.

Bunda TBCning asosiy maqsadi dividend olish emas. Kompaniyaning asosiy maqsadi kapitalizatsiyani oshirishga qaratilgan. Ya’ni, ichki aylanmalarni o‘z platformasi orqali o‘tkazish. Shu nuqtayi nazardan, TBC bir necha yillardan buyon mahalliy banklar qilmagan ishni qilyapti: raqamlashtirish jarayonini faol tarzda kengaytirmoqda. Bu esa iste’molchilar o‘rtasidagi moliyaviy operatsiyalarni soddalashtirishga xizmat qiladi. Bu ijobiy holat, chunki soliq organlari tomonidan turli jarimalar qo‘llanilayotgan bir paytda, qulay va oson mexanizmlarning yaratilishi odamlarni ko‘proq rasmiy, shaffof tizimlarga o‘tishga undaydi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar doim o‘zlari uchun qulay platformani tanlaydilar, mahalliy platformalar esa tezkor moslasha olishlari kerak. Chunki hozirda maksimal pul jo‘natish yoki qabul qilish bilan bog‘liq xatarlar mavjud. Endi TBC ekotizimida bunday jarayonlar yagona bitim asosida amalga oshirilishi mumkin. Bu esa unga komissiya undirish imkonini beradi. Shu orqali foydalanuvchilarga o‘z xizmatlarini xavfsiz sotishi va sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Kichik o‘yinchilarga kelsak, ularga TBC Bank Group taqdim etayotgan xizmatlarni ko‘rsatish qiyinlashadi. Sababi, kompaniya ortida bank va oldi-sotdi jarayonlari turibdi. Masalan, TBC OLX’ga e’lon joylashtirishni soddalashtirishi, BILLZga tizimlarni ulab qo‘yishi mumkin.

Boshqa tomondan monopoliyani yuzaga keltiruvchi xatarlar ham bor. Agar boshqa o‘yinchilar TBC yoki BILLZning a’zosi bo‘lmasa, ularning ushbu tizimlarga kirishini cheklash yoki narxlarni oshirib qo‘yish ehtimoli bor. Ya’ni, ekotizim a’zolariga chegirmalar taklif qilinishi, a’zo bo‘lmaganlarga esa xizmatlar qimmatroqqa tushishi mumkin.

TBCning OLX’ni sotib olishidan keyingi jarayonlarda men kompaniyaning OLX’ga o‘z servislarini ulab, foydalanuvchilarga yangi oldi-sotdi jarayonlari, platformaga hamyonlarni (kashlok) kiritishini taxmin qilyapman.

Bu O‘zbekistondagi eng yirik M&A (birlashish va qo‘shib olish) bitimlaridan biri bo‘ldi. Xususan, xalqaro institutlar va investorlarning TBC’ga bildirayotgan ishonchi boshqa o‘yinchilar uchun ham bozorga kirishni tezlashtiradi.

Bunday yirik bitimlar O‘zbekistonning xalqaro imijini ijobiy tomonga o‘zgartiradi. Chunki bu kichik — $500 ming yoki $1 mlnlik investitsiyalar emas, balki yuqori qiymatdagi katta sotib olish yoki qo‘shib olishdir. Natijada, ishonch ortib, jarayonlar tezlashadi va startap loyihalar ko‘payishni boshlaydi. Shu bilan birga, davlat sektori emas, balki xususiy sektor yanada faollashib, dividend modelidan kapitalizatsiya modeliga o‘tadi. Bu yo‘nalishda davom etish bilan esa xalqaro o‘yinchilar sonining ortishi ehtimoli juda yuqori.

Eng achinarlisi — bu ishni yillar davomida davlatdan subsidiya va imtiyoz olib kelayotgan mahalliy kompaniyalar emas, balki tashqaridan kelib, ochiq bozorda raqobatlashayotgan o‘yinchilar amalga oshirmoqda. Bu, bir tomondan quvonarli — bozor o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda, lekin boshqa tomondan bu bizning o‘yinchilarning faqat kuzatuvchi bo‘lib qolishiga olib kelyapti. Shunday ekan, tashqi mablag‘ jalb qilish evaziga bo‘lsa ham bu kabi investisiyalarni amalga oshirish kerak. Aks holda, mahalliy o‘yinchilarimiz bozorning eng yirik qismini boy berishadi.

Bu yerdagi eng katta xavf, mening fikrimcha, bozor o‘zgarishlariga mahalliy o‘yinchilarning qarshilik ko‘rsatishi, o‘zlariga qo‘shimcha himoya yoki imtiyozlar so‘rashi va ayrim qonunlarni lobbi qilib olishga urinishidir. Sababi, bizda ko‘plab davlat korxonalari yoki mahalliy gigantlarimiz, odatda, qandaydir o‘zgarishlar yuz bersa yoki xavflarni sezsa, darrov davlatdan subsidiya va imtiyozlar so‘rashni boshlaydi. Bu esa O‘zbekistonning, shu bilan birga, bozor va startap imijiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


fintex, olx uzbekistan, tbc bank, tbc bank group

Timurmalik Elmuradov,

Tahlilchi hamda R&D mutaxassisi. Beshtor Telegram-kanali muallifi.

O‘zbekistondagi OLX 2015-yildan beri Prosus Niderlandiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

Barcha muvaffaqiyatli investorlar kabi, Prosus ham juda moslashuvchan — u doimiy ravishda turli bizneslarga kirib-chiqib turadi. Sotib oladi, sotadi va yana sotib oladi — strategiyasi shunaqa. Masalan, bir necha yil oldin kompaniya OLX Hindiston va OLX Indoneziyani sotgan edi, endi esa navbat OLX O‘zbekistonga keldi.

Prosus bir necha oy davomida xaridor izlab, oxir-oqibat TBC Bank Group va Titan Investments qo‘shma korxonasini tanladi. TBCning maqsadi esa oddiy va tushunarli — ekotizim.

OLX’da xaridorlar ham, sotuvchilar ham, bitimlar ham ko‘p. TBC’ning moliyaviy va to‘lov xizmatlari bu yerga ayni mos keladi.

Eng oddiy misol: kimdir OLX’da iPhone’ni sotuvga qo‘ydi. Kimdir boshqasini sotib olmoqchi, lekin puli yetmayapti. Mana bu yerga “payme nasiya orqali bo‘lib to‘lashga sotib olish” tugmasini qo‘shish mumkin. Bunday imkoniyatlar juda ko‘p: odamlar va kompaniyalar uchun kreditlar, sug‘urta, tahlil va boshqalar. Imkoniyatlar dengiz kabi cheksiz.

Albatta, OLX endi o‘zgaradi. TBC Bank, payme, TBC Sug‘urta, BILLZ, payme nasiya — bu xizmatlarning har biri OLX bilan uyg‘unlashadi. Ularning har biri OLX’ni yaxshilashi va qulayroq qilishi mumkin.

Endi OLX’dagi xaridorlar, sotuvchilar va kompaniyalar ko‘proq sotish, yanada foydaliroq xarid qilish va xavfsizroq bitimlar tuzish imkonini beruvchi yangi moliyaviy va to‘lov vositalariga ega bo‘ladilar.

Qisqasi, OLX’da uzoq vaqtdan beri talab qilinayotgan o‘zgarishlar yuz beradi, chunki TBC shunchaki mulkdorgagina emas, balki OLX’ning rivojlanishiga katta mablag‘ kiritadigan strategik investorga aylandi. Olingan foydani O‘zbekistonga qayta investitsiya qilayotgani uchun ham TBC’ga rahmat. Shunaqa kompaniyalar ko‘paysin.

Bitim summasi oshkor etilmagan, lekin OLX’ning tushumi va foydasidan kelib chiqib, men kompaniyani $25−35 mln atrofida baholagan bo‘lardim.


fintex, olx uzbekistan, tbc bank, tbc bank group

Alisher Jumaniyazov,

ALPHA ta’lim platformasi hammuassisi. Pyatnitskiy marketing Telegram-kanali muallifi.

TBC Bank Group O‘zbekistonda shunchaki bank bo‘lib qolmasdan, balki raqamli ekotizim ishtirokchisiga aylanish niyatini uzil-kesil tasdiqladi.

Uchta muhim bitim — Payme’ni sotib olish, BILLZ va OLX Uzbekistan’dagi nazorat paketiga egalik qilish — global tendensiyani aks ettiruvchi strategik yo‘nalishni shakllantiryapti: bank endi oddiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bo‘lishdan to‘xtab, butun iqtisodiyot uchun zarur infratuzilmaga aylanmoqda.

Bitimlar iqtisodiyoti

  • Payme: TBC millionlab mobil to‘lov foydalanuvchilariga bevosita kirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi — bu kelajakda kreditlar, omonatlar va mikro-xizmatlar orqali daromad olishning asosiy manbasi bo‘ladi.
  • BILLZ: kichik va o‘rta biznes uchun SaaS platformasi minglab savdo korxonalarining kundalik faoliyatiga kirib borish, savdo va mijozlarning xatti-harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish imkonini beradi.
  • OLX: mamlakatning eng yirik savdo maydoni (5,4 mln faol foydalanuvchi) ommaviy qamrov kanaliga hamda bitimlar, logistika va reklama uchun infratuzilmaga aylanmoqda.

Natijada: TBC uchta kirish nuqtasiga ega bo‘lmoqda — B2C (Payme), B2B (BILLZ), C2C (OLX). Umumiy ko‘rinishda, bu an’anaviy bank emas, balki moliyaviy xizmatlar singdirilgan raqamli “xizmatlar supermarketi” hisoblanadi.

Strategik mantiq

TBC yangi aktivlari orqali kross-sotuvlarni yo‘lga qo‘yishi, masalan, OLX’dagi sotuvchi to‘lovni Payme orqali amalga oshirishi yoki BILLZ’ning kichik va o‘rta biznesdagi mijozlari bank moliyalashtirishidan foydalanishi mumkin.

Shuningdek, kompaniya iste’molchilar va biznes ma’lumotlari asosida mahsulotlarni baholash va shaxsiylashtirish modellarini yaratishi, natijada klassik bank marjalariga qaramlikni kamaytirishi mumkin. Qolaversa, TBC o‘z oldiga “O‘zbekistonning raqamli yetakchisi” bo‘lish maqsadini ham qo‘ygan.

Xatarlar

Shu bilan birga, integratsiya xarajatlari, foydalanuvchi ishonchi va tarqoqlik kabi risklar ham mavjud. Masalan, fintex, SaaS va marketpleys kabi turli xil texnologik va tashkiliy madaniyatlarni birlashtirish menejmentga yuqori darajada yuklanish berishi mumkin.

Ma’lumotlarning bitta o‘yinchi qo‘lida to‘planishi esa iste’molchilarni ehtiyotkorlikka chaqiradi. Shuningdek, haddan tashqari keng qamrov, ayniqsa raqobat muhitida, asosiy bank yo‘nalishlarining rivojlanishini sekinlashtirishi mumkin.

TBC yirik Osiyo o‘yinchilarining modeli asosida ekotizim yaratmoqda — buni Qozog‘istondagi Kaspi yoki Koreyadagi Kakao bilan taqqoslash mumkin. O‘zbekiston bozori uchun bu raqamlashtirishning jadallashuvi hamda fintech, kichik va o‘rta biznes xizmatlari va elektron tijoratda raqobatning kuchayishini anglatadi.

Agar TBC mavjud aktivlarni samarali birlashtirib, tartibga solishdagi xatarlarni kamaytira olsa, kompaniya iqtisodiyotning “operatsion tizimi” — ya’ni moliya, bitimlar va biznes jarayonlari kechadigan asosiy platforma sifatidagi mavqeini mustahkamlashi mumkin. Aks holda, turli yo‘nalishdagi loyihalarga tarqab ketish va resurslarni sochib yuborish xavfi mavjud.