Xorijiy davlatlar og‘ir yukli va katta hajmli transport vositalarining O‘zbekiston hududi bo‘ylab yurishi uchun to‘lovlar miqdoriga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Transport vositasining umumiy haqiqiy massasi ruxsat berilganiga nisbatan oshganligi uchun to‘lanadigan to‘lov mavjud tariflarga muvofiq belgilandi.
Ruxsat etilgan me‘yordan 5 tonnagacha og‘irroq bo‘lgan transport vositalari uchun asosiy tarif BHMning 0,08% ini (329,6 so‘m) tashkil etadi.
Undan og‘irroq transport vositalari uchun tariflar quyidagi jadvalda keltirilgan:
Umumiy haqiqiy vaznning yo‘l qo‘yiladigan vaznga nisbatan ortiqcha miqdori, tonna | Yangi tarif, 1 km uchun | Eski tarif, 1 km uchun | ||
BHM | so‘m | dollar | so‘m (MB kursi) | |
5 dan 10 gacha | 0,12% | 494,4 | $0,06 | 744,78 |
10 dan 15 gacha | 0,24% | 988,8 | $0,12 | 1489,56 |
15 dan 20 gacha | 0,42% | 1730,4 | $0,2 | 3723,89 |
20 dan 25 gacha | 0,63% | 2595,6 | $0,3 | 4965,19 |
25 dan 30 gacha | 0,97% | 3996,4 | $0,46 | 5709,97 |
30 dan 35 gacha | 1,39% | 5726,8 | $0,66 | 8192,57 |
35 dan 40 gacha | 1,94% | 7992,8 | $0,92 | 11 419,94 |
40 dan 45 gacha | 2,66% | 10 959,2 | $1,26 | 15 640,35 |
45 dan 50 gacha | 3,59% | 14 790,8 | $1,7 | 21 102,07 |
50 va undan yuqori | 4,22% | 17 386,4 | $2 | 24 825,96 |
Shuningdek, og‘ir yukli va yirik gabaritli transport vositalari o‘tishi uchun arizalarni ko‘rib chiqish, yo‘nalishni kelishish hamda ruxsatnoma berish uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori “Litsenziya” avtomatlashtirilgan axborot tizimida hisoblanadi.
Uning miqdori 100 km gacha BHMning 54% i (222 480 so‘m), undan keyingi har bir km uchun esa 0,24% (988,8 so‘m) miqdorida belgilanadi. Ilgari bu 100 km gacha — $25 (310 324,5 so‘m) hamda har bir keyingi km uchun — $0,11 dan edi.
Avvalroq o‘zbekistonlik tashuvchilar Xitoydan og‘ir vaznli yuklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tashishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Har birining og‘irligi 270 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk modullari Xitoydagi ishlab chiqaruvchi korxonalardan Surxondaryoga yetkazilmoqda.