Avvalroq 26-avgust kuni Samarqandda Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Uchrashuv doirasida yetakchilar O‘zbekiston eksport mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida bir nechta uchuvchisiz uchish apparatlari — kvadrokopterlar va samolyot turidagi qurilmalar namoyish etildi. Ularning ishlab chiqaruvchisi sifatida Sahro Drone Industry kompaniyasi ko‘rsatilgan.
Sahro Drone Industry bosh direktori Olmosxon Niyozxonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida kompaniya mini-dronlar, kamera bilan jihozlangan fpv-dronlar, razvedkachi dronlar, shuningdek, ikki maqsadli (fuqarolik va harbiy) dronlar ishlab chiqarishini aytdi.
“Iordaniya podshohi bizning mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirdi, boisi, korxonamizda dronlarning 80%i to‘liq mahalliylashtirilgan” — dedi Niyozxonov.
Sahro Drone Industry bosh direktorining aytishicha, Iordaniyalik hamkorlar allaqachon kompaniyaga tashrif buyurib, ishlab chiqarishning to‘liq sikli bilan tanishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mehmonlar mahalliylashtirish darajasining yuqoriligidan “katta taassurot” olgan.
Ko‘rgazma yakunida Sahro Drone Industry iordaniyalik hamkorlar bilan hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilib, kelishuvga erishishni rejalashtirmoqda.
Sahro Drone Industry haqida nimalar ma’lum?
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Sahro Drone Industry (Sahro DI) joriy yilning may oyida Toshkent viloyati Qibray tumani Zafarobod QFYda tashkil etilgan. Uning faoliyat turi, boshqa toifalarga kiritilmagan maxsus vazifalarga mo‘ljallangan boshqa mashina va uskunalar ishlab chiqarish" hisoblanadi.
Kompaniyaning ustav fondi 10 mlrd so‘mni tashkil etadi. Asosiy ulushning 90%i Top-IT kompaniyasiga, yana 10%i esa MS-Investments kompaniyasiga tegishli.
O‘z navbatida, Top-IT 2019-yil noyabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan va “mashinalar, sanoat uskunalari, dengiz va havo kemalari savdosi” bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali 1,46 mlrd so‘m bo‘lgan firmaning yagona ta’sischisi Abdufotih Abdug‘ofurov hisoblanadi. Kompaniya rahbari Sahro DI bilan bir xil — Olmosxon Niyazxonov.
MS-Investments kompaniyasi esa 2018-yilda tashkil etilgan, u moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi 52,16 mlrd so‘mni tashkil etadi va to‘liq O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligiga tegishli.
Avvalroq O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Kibernetika sohasidagi IT-innovatsiyalar parki vakillarining ma’lum qilishicha, o‘sha paytda mahalliylashtirish 80% ga yetgan.