Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Toshkent-Sharqiy aerodromi negizida barpo etilgan yangi aeroportni borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Umumiy maydoni 561 gektardan iborat Toshkent-Sharqiy aerodromi negizidagi biznes aviatsiyasi qurilishi 2017-yilda boshlangan edi.

4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 3 ta harakatlanish yo‘li yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. 20 ta “havo kemasi"ga mo‘ljallangan perron barpo etildi.

Boeing 787, A 320 kabi samolyotlar, biznes-jetlar hamda vertolyotlar uchun angarlar qurildi. Bu ularning qishda iliq, yozda salqin saqlanishi va xavfsizligini taʼminlaydi.

Aeroportda VIP va CIP terminallar tashkil qilingan. Oliy martabali mehmonlar zalida rasmiy kutib olish, muzokaralar va brifing o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Soatiga 100 nafar yo‘lovchini qabul qilish quvvatiga ega CIP terminalida do‘kon va ovqatlanish joylari bo‘ladi.

Aeroport ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Bu noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish va qo‘nish imkonini beradi.

“Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi. Xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlar uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy aloqalar va xizmat ko‘rsatish sohasi yana-da rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi”, deyiladi xabarda.Davlat rahbari shu yerda jamoat faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

“Ko‘p yil tayyorgarlik qilib, mana shunday aeroport qurdik. Bu ham davlatchilikning yana bir zamini. Bu yerda yurtimizga keladigan mehmonlar va samolyotlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatiladi. Natijada Toshkent xalqaro aeroportiga yuklama yengillashadi. Xudo xohlasa, u aeroport uchun ham boshqa joyda ulkan majmua qurishni rejalashtirganmiz. Umuman, hamma hududlarimizda katta-katta loyihalarni boshlaganmiz. Ilohim, tinchligimizga ko‘z tegmasin, yangi inshootlar, farovonlik xalqimizga buyursin”, — dedi prezident.

Toshkent-Sharqiy aeroporti

Sobiq harbiy aerodrom negizida yangi havo bandargohi qurilishi 2017-yilda boshlangan. Loyihaning amalga oshirilishi mavjud aeroportga tushadigan yukni kamaytirishi kutilmoqda. Bo‘lajak aerodrom poytaxt va Yangi Toshkent uchun transport tuguni vazifasini bajaradi.

Ishlarning birinchi bosqichi, ya’ni 4 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagini yangilash ishlari 2023-yilda yakunlandi. Aerodrom eng og‘ir samolyotlarni qabul qilishi mumkin.

Bungacha davlat rahbari 2023-yilning iyul va 2024-yilning sentabr oylarida Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilish maydonchasiga tashrif buyurgandi. Prezident terminallarning tashqi ko‘rinishi va delegatsiyalar uchun qulayliklarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Avvalroq Spot Uzbekistan Airways matbuot xizmatiga tayanib Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishi sentabr oyi boshida yakunlanishi haqida yozgandi.