28-avgust kuni Uzcard to‘lov tizimida uzilishlar yuz berdi. Bu haqda tizim foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilmoqda.
Hozirda ayrim bank to‘lov operatorlari ilovalarida o‘tkazmalar va to‘lovlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyati cheklangan.
Ilovalarga kirganda, protsessing markazi faol emasligi, tizim vaqtincha ishlamayotgani sababli bank kartasi bo‘yicha amaliyotlar to‘xtatib turilgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, Uzcard’ning rasmiy veb-saytida ham uzilishlar kuzatilmoqda. Saytga kirishda ekranda xatolik haqida ogohlantirish chiqadi.
Yagona umumrespublika protsessing markazi matbuot xizmati uzilishlar yoki texnik va profilaktik ishlar bo‘yicha ma’lumot bermagan.
Avvalroq Humo O‘zbekistonda davlat obligatsiyalari bilan ta’minlangan tokenni ishga tushirgani haqida xabar berilgandi. OAVning yozishicha, vosita Rossiya kompaniyalari bilan savdoni osonlashtirish uchun ishga tushirilgan. Biroq, Humo bunday ma’lumotlarni rad etdi.