Avvalroq Uzcard to‘lov tizimida uzilishlar yuz bergani, ilovalarda o‘tkazmalar va to‘lovlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyati cheklangani haqida xabar berilgandi.

Undan keyin Yagona umumrespublika protsessing markazi tizimda rejadan tashqari profilaktika ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Natijada, bankomatlar (ATM), E-POS va POS terminallari, xalqaro bank kartalari, chet elda kobeydjing kartalari ishida vaqtinchalik uzilishlar bo‘lishi mumkin.

“Vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va mutaxassislarimiz allaqachon nosozliklarni bartaraf etish va tizimning barqaror ishlashini tiklash ustida ish olib borayotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Oradan qariyb ikki yarim soat o‘tgach, Uzcard matbuot xizmati rejalashtirilmagan profilaktika ishlari yakunlangani haqida xabar berdi.

Barcha texnik tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi va hozirgi paytda protsessing servislarining faoliyati me’yoriy tartibda davom etmoqda.

Xususan, mobil ilovalar ishlashi to‘liq tiklandi, shuningdek Uzcard bank kartalari bo‘yicha barcha operatsiyalar qayta yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, Yagona umumrespublika protsessing markazi fuqarolardan keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, vaqtinchalik cheklovlar davrida ko‘rsatgan tushunishi va sabri uchun minnatdorchilik bildirgan.

Avvalroq Humo O‘zbekistonda davlat obligatsiyalari bilan ta’minlangan tokenni ishga tushirgani haqida xabar berilgandi. OAVning yozishicha, vosita Rossiya kompaniyalari bilan savdoni osonlashtirish uchun ishga tushirilgan. Biroq, Humo bunday ma’lumotlarni rad etdi.