Jizzaxdagi BYD Uzbekistan Factory zavodida Song Plus UzPride gibrid (DM-i) krossoverining taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar berdi Gazeta.
Taʼkidlanishicha, bu O‘zbekistonda mahalliylashtirilgan birinchi brend modeli hisoblanadi.
Tadbirda maʼlum qilinishicha, avtomobil uchun 17 ta butlovchi qism O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. Bular bamperlar, oynalar, o‘rindiqlar, plastmassadan tayyorlangan ichki va tashqi bezak elementlari, shovqindan himoyalash materiallari va plastik yoqilg‘i baklaridir. Mashina, shuningdek, o‘zbek tilidagi dunyodagi birinchi ovozli boshqaruv tizimiga ega
Elektr yuritmali 110 km yurish zaxirasiga ega Song Plus UzPride narxi 374,1 mln so‘mni, 150 km yurish zaxirasiga ega Song Plus UzPride narxi 396,6 mln so‘mni tashkil etadi.
BYD Uzbekistan Factory direktorining birinchi o‘rinbosari Li Minning aytishicha, BYD O‘zbekistondagi foydalanuvchilar uchun maxsus to‘laqonli sunʼiy intellekt yordamchisini ishlab chiqqan dunyodagi birinchi avtomobil kompaniyasi bo‘ldi.
Tizimni o‘rgatish uchun 1,5 mlndan ortiq nutq yozuvlari to‘plangan, bu esa uni haydovchilarning talaffuzi va til ko‘nikmalariga moslashtirish imkonini bergan.
UzPride ustida ishlash rejalashtirilgan 36 oy o‘rniga 14 oy davom etdi.
“UzPride konsepsiyasi „O‘zbekistondan — O‘zbekiston uchun“ tamoyilini aks ettiradi. Mahalliy avtomobillar, mahalliy ishlab chiqarish, mahalliy til, mahalliy moliyalashtirish va xizmat ko‘rsatish — aynan shular loyihani chinakam mahalliylashtiradi,” — dedi BYD Central Asia direktori o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya O‘zbekiston bozoriga yangi modellar — Bao 5 va Bao 8 yo‘ltanlamaslarini olib kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Rasmiy ishga tushirish joriy yilning oxirida yoki keyingi yilning boshida amalga oshirilishi mumkin.
BYD
Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan Jizzaxdagi elektromobil zavodida Chazor va Song Plus Champion kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda.
Kelgusi yillarda kompaniyada modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqich doirasida elektromobillar soni yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkaziladi.
Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Iyun oyida “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.
Undan keyin Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi. Iyul oyida “BYD Uzbekistan Factory” xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi. Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ketma ket “BYD E2”, “Seagull” hamda “Yuan Up” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi.
2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishib, BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga tannarxni pasaytirish mumkinligini qayd etgandi. Kompaniya rahbariyati mamlakatdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan.
Spot, avvalroq, Jizzaxdagi BYD zavodi to‘liq quvvatga o‘tishi uchun 4 ming nafar malakali mutaxassis talab qilinishi haqida yozgandi.