O‘zbekistonda birinchi marta sun’iy intellekt sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan yetakchi mutaxassis va faollarning ro‘yxati tuzildi.

Yuksalish harakati va Markaziy Osiyo sun‘iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) tomonidan ishlab chiqilgan ro‘yxatda mamlakatdagi top-30 nafar “Sun'iy intellekt liderlari” joy olgan.

Qayd etilishicha, reyting mamlakatda SI sohasini faol rivojlantirayotganlarni aniqlash, ularning yutuqlarini e‘tirof etish va ularni keng jamoatchilikka tanitishga qaratilgan.

Reyting ikki bosqichda shakllantirildi. Birinchi bosqichda Yuksalish harakati AICA bilan hamkorlikda ochiq manbalar va Raqamli texnologiyalar vazirligining tavsiyalari asosida 50 dan ziyod nomzodlar ro‘yxatini shakllantirdi.

Ikkinchi bosqichda AICA’ning 1380 nafar rezidenti tomonidan quyidagi 8 ta mezon bo‘yicha har bir nomzod baholandi va qisqa ro‘yxat shakllantirildi. Ushbu mezonlar:

  • amalga oshirilgan SI loyihalarining ta‘siri;
  • xalqaro hamkorliklar;
  • investitsiya jalb qilish qobiliyati;
  • milliy strategiyada ishtirok;
  • yangi yondashuvlar taklifi;
  • ilmiy-ommaviy chiqishlar;
  • SI sohasida ta‘lim va ma‘rifat;
  • milliy va xalqaro e‘tirof.

sun'iy intellekt, top-30, yuksalish, akmal payziyev, oleg pekos, Anvar Narzullayev

Reytingning birinchi pog‘onasidan O‘zbekistondagi birinchi onlayn taksi (MyTaxi), oziq-ovqat yetkazib berish (Express24), HR avtomatlashtirish (Workly) hamda GPS monitoring (Maxtrack) xizmatlari asoschisi, hozirda AQShdagi Kremniy vodiysida faoliyat yuritayotgan Akmal Paiziev joy egalladi.

Undan keyingi o‘rinlarda AI Lab hamta’sischisi Anastasiya Markova hamda Mohirdev platformasi asoschisi Anvar Narzullayevlar turibdi. Shuningdek, ro‘yxatdan Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, Meta kompaniyasining SI tadqiqotlari bo‘yicha vitse-prezidenti Ruslan Salahutdinov, TBC Uzbekistan sunʼiy intellekt bo‘limi rahbari Konstantin Kruglov va yana ko‘plab mutaxassislar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, sun‘iy intellekt va kompyuter fanlari bo‘yicha ilmiy daraja va xalqaro tajribaga ega mutaxassis Bunyodbek Ibrohimov, SIni tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘llashga bag‘ishlangan 20 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi va loyihalar asoschisi Dilnoz Muxamediyeva va Tilmoch.AI asoschisi Muhammadsaid Mamasaidovlar ham bor.

2024-yilning oktabrida O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangandi. Unga ko’ra, 2030-yilgacha sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda Bir million sun’iy intellekt yetakchilari dasturi ishga tushirilgani haqida yozgandi.