Alif Uzbekistan fintex kompaniyasi O‘zbekistonda bank litsenziyasini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda dastlab Pik Skartarisa Telegram-kanali xabar berdi. Mazkur ma’lumotni Spot’ga kompaniya matbuot xizmati tasdiqladi.

Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Alif Capital Holdings Limited direktorlar kengashi O‘zbekistonda bank tuzilmasini tashkil etishni ma’qulladi.

Yaqin kunlarda Alif bank litsenziyasini olish uchun barcha zarur hujjatlarni Markaziy bankka topshirmoqchi.

Alif Uzbekistan o‘zining Telegram-kanalida keng ko‘lamli investitsiyalar jalb qilinib, kichik va o‘rta biznes uchun va bank tashkil etishga harakat qilinayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda so‘nggi 2,5 yil davomida birorta ham yangi bank tashkil etilmadi. Eng so‘nggi bank 2023-yil may oyi boshida litsenziya olgan Yangi Bank edi. O‘tgan hafta Yevrosiyo banki litsenziyasi bekor qilingach, mamlakatdagi banklar soni 35 taga tushdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Spot’ga bergan sharhida, yangi banklarning paydo bo‘lmasligi sababini bank sohasidagi texnologik o‘zgarishlar bilan izohladi. Uning aytishicha, banklarning ko‘plab vazifalarini fintex kompaniyalari o‘z zimmasiga olmoqda. Ular zarur hollarda, agar bank litsenziyasi talab etilsa, mavjud banklar bilan hamkorlik qilishga murojaat qilmoqda.

Alif Uzbekistan

Alif kompaniyasi 2014-yilda Tojikistonda ta’sis etilgan. 2019-yildan boshlab u O‘zbekiston bozoriga birinchi loyihasi — Alif Shop internet-marketpleysi bilan kirib keldi va bir yildan so‘ng “Aloqabank” bilan hamkorlikda alif.mobi to‘lov xizmati hamda elektron pul tizimini ishga tushirdi.

Alif rahbari Abdullo Qurbonov ta’kidlashicha, jamoa O‘zbekistonni keng imkoniyatlari tufayli birinchi xorijiy bozor sifatida tanlagan. Aholi soni va iqtisodiyot hajmi Tojikistondan bir necha baravar katta bo‘lsa-da, “biz ko‘p jihatdan o‘xshashmiz,” deya qo‘shimcha qildi u.

2023-yil noyabr oyida Alif islomiy fintech startapi $50 mlnlik islomiy obligatsiyalar (sukuk) chiqarilishini e’lon qildi. Kompaniya jalb qilingan mablag‘larni O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi Alif Moliya faoliyatiga yo‘naltirishni rejalashtirgan. $50 mlnlik dastur doirasidagi $5 mlnlik birinchi emissiya aprel oyida amalga oshirildi.

2024-yil dekabr oyida AQShning Accial Capital kompaniyasi Alif Uzbekistanga $20 mln miqdorida qarz ajratdi. Jalb etilgan mablag‘larni Nasiya xizmatini rivojlantirish va kengaytirishga sarflash rejalashtirilgan edi.

Yanvar oyida Alif guruhi Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasidan (ITFC) moliyalashtirish oldi. Uning doirasida jami $3 mln ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘ni Nasiya muddatli to‘lov xizmatini rivojlantirishga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan edi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Markaziy banki ustav kapitali pastligi sababli Yevroosiyo banki"an litsenziyani qaytarib olgani haqida yozgandi.