Uzoq davom etadigan suratga olish jarayonlari-yu o‘nlab mutaxassislar o‘rniga 5 kishilik jamoa, 4 oylik mehnat hamda neyrotarmoqlar yordamida — Konstaning (Spot izohi — asl ismi Sharif Abdullayev) yangi klipi dunyoga keldi. Rejissyor Damir Mubinov sanoatda qabul qilingan an’anaviy usuldan voz kechib, katta suratga olish jarayonlari hamda uzoq suratga olish ishlari bo‘lmasa ham mahsulot yaratish mumkinligini sinab ko‘rishga qaror qildi.

Loyihada asosiy e’tibor ixchamlik hamda zamonaviy texnologik yechimlarga qaratilgan. Neyrotarmoqlardan foydalanish jarayonni yengillashtirib, tezkor tuzatishlar kiritish, turli yechimlarni sinab ko‘rish, shuningdek, qisqa vaqt ichida yakuniy tasvirni shakllantirish imkonini berdi. Klip ikki kun ichida 112 ming marta, 3-sentabr holatiga ko‘ra esa 206 mingdan ortiq ko‘rilgan.


Damir Mubinov Spot’ga reklama roliklarida rejissyorlik qilish, neyrotarmoqlar yordamida klip yaratish jarayoni, nima uchun har bir kadrni turli neyrotarmoqlarda ishlab chiqishga to‘g‘ri kelgani hamda tijorat videolarida sun’iy intellektning istiqbollari haqida gapirib berdi.


ismim sharif, konsta, neyron tarmoqlar

Damir Mubinov,

rejissyor.

Suratga olish sohasiga 2019-yilda kirib kelganman. Qariyb 4 yil davomida turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda o‘z prodakshnimizni boshqardik. Ishning mohiyatini chuqurroq anglash ilinjida turli vazifalarni zimmamga olib, o‘zimni har xil rollarda sinab ko‘rdim. Vaqt o‘tishi bilan prodyuserlik meni ruhlantirmasligini anglay boshladim — raqamlar, hisobotlar-u tashkiliy ishlar emas, aksincha meni ijod ilhomlantirishini tushunib yetdim.

Butun e’tiborimni rejissuraga qaratganimda, ishlarimning sifati bir necha barobar oshganini sezdim. Hozirda tijorat roliklariga rejissyorlik qilish bilan shug‘ullanaman, shuningdek, Abstract Talents iste’dodlar agentligining a’zosiman.

Kompaniya reklamani suratga olmoqchi bo‘lsa, u reklama agentligiga murojaat qiladi, u esa, o‘z navbatida, prodakshnni yollaydi. Prodakshn esa uning portfoliosiga qarab rejissorni tanlaydi. Har bir brifga men rejissyorlik tritmentini tayyorlayman. Raqobatda ishtirok etayotgan boshqa rejissyorlar ham xuddi shunday qilishadi, shundan so‘ng agentlik va mijoz qaysi rejissyor bilan ishni davom ettirishni tanlaydi.

Rejissyorlikka to‘liq o‘tganimdan keyin Yandex, Coca-Cola, Payme, Anorbank, TBC, Humans va boshqa yirik brendlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Buyurtmalarning asosiy qismi IT-kompaniyalar hamda raqamli banklardan keladi — ular orasida raqamli banklar ko‘proq reklamalarga buyurtma beradi.

Tajriba haqida gapiradigan bo‘lsak, men uchun “Yengil retro” loyihasi shunday tajriba berganlarida biri bo‘lgan. Buyurtma tijoratga yo‘naltirilmagandi, shunchaki menga 2000-yillar davri, nostalgiya ruhidan ilhom olgan loyiha yoqib qolgandi. O‘sha paytda ular hali kiyim-kechak sotishni boshlamasdan, faqat ishga tushirishni e’lon qilishgandi. Ularga rolik suratga olishni taklif qildim: jamoa menga to‘liq erkinlik berdi.

Ushbu loyiha uchun o‘zim musiqa yozib, ssenariy tuzdim, asosiy rolik g‘oyasini hamda bir qator video-tashrif qog‘ozlarini o‘ylab topdim. Natijada mahalliy festivalda ko‘plab mukofotlarni qo‘lga kiritib, xorijiy short-list'larga kirdik.

Bu haqiqiy tajriba bo‘ldi: reklamada mualliflik loyihalari yetishmaydi. Agentliklardan keladigan ssenariylarning aksariyati qat’iy ravishda briflarga ko‘ra amalga oshiriladi: bu esa kamdan-kam hollarda qolipdan tashqariga chiqish imkonini beradi. Ammo klip muallif bilan hamkorlik paydo bo‘lganda, hech kim sizni qat’iy chegaralarda ushlab turmasa, keyinchalik qayta-qayta ko‘rishni xohlaydigan eng kuchli, jonli asarlar yaratiladi.

Ishimda uch asosiy tamoyilga tayanaman.

Birinchisi — ko‘rgazmalilik. Qo‘limga tushgan har qanday brifni xomaki videorolik — animatikka aylantiraman. Ko‘pincha biz shunchaki telefon bilan kerakli kadrlarni tezda suratga olamiz, ularni montaj qilamiz va natijada aktyorlarsiz, ammo tushunarli tuzilishga ega rolik hosil bo‘ladi. Animatikning asosiy afzalligi shundaki, hamma reklama qanday ko‘rinishda bo‘lishini darhol ko‘radi. Katta taqdimotlarni varaqlab, xayolingizda o‘z variantingizni tasavvur qilishingiz shart emas.

Ikkinchisi — musiqiy jihat. Musiqani juda sevaman: garchi musiqa bo‘yicha maxsus ta’limim bo‘lmasa-da, deyarli har bir loyihada saundtrek yaratishda qatnashishga harakat qilaman. Bir xil turdagi tayyor musiqalardan foydalanishni yoqtirmayman, shuning uchun imkon bo‘lsa, uni o‘zim yozaman: cholg‘ularni olib, maxsus dasturlarda ishlayman, yozib olaman, prodyuserlik qilaman, keyin esa aranjirovkachi bilan birgalikda kerakli ohangga keltiramiz.

Masalan, Humans uchun “Sahar” guruhidan Anvar Jo‘rayev bilan videoklip tayyorladik: u qo‘shiqni ijro etdi, men esa nafaqat sahnalashtirishga, balki qo‘shiqning o‘zini yaratishga ham mas’ul bo‘ldim. Uni aranjirovkachi bilan birgalikda boshidan oxirigacha birgalikda yaratdik.

Uchinchi tamoyilim — texnologiyaga asoslanish. Menga shakl ustida ishlash, tomoshabinni o‘ziga jalb etadigan g‘ayrioddiy yechimlarni topish yoqadi. Uyimda ustaxonam bor, u yerda g‘ayritabiiy kadrlar uchun turli xil moslamalarni yig‘amiz.

Yaqinda neyrotarmoqlarga qiziqa boshladim. Sun’iy intellekt mavzusi ancha vaqtdan beri o‘ziga jalb etib kelayotgan edi, ammo shunchaki sinov rasmlari va qisqa videolar bilan cheklanib qolishni istamasdim. To‘liq va ma’noli bir narsa yaratishni istardim, va aynan shunday imkoniyat tug‘ildi — repper Konsta uchun ko‘p harakatli sahnalardan iborat videoklip tayyorlashga qaror qildim.

ismim sharif, konsta, neyron tarmoqlar

Foto: Damir Mubinovning shaxsiy arxividan

Ish jarayoni qanday boshlangan?

Konsta bilan ko‘p yillardan buyon tanish bo‘lsak-da, u bilan bevosita hamkorlik qilmagandim. Tajribam faqatgina tijorat loyihalari doirasida cheklangan bo‘lib, ilgari kliplar yaratishda qatnashmaganman.

Shu yilning bahorida Sharifning yangi albomi chiqib, uni muxlislar uchun yopiq guruhga joyladi. Bu guruhda rejissyorlar ham bor edi, shu jumladan men ham. Butun albomni diqqat bilan tinglab chiqib, alohida ajralib turadigan qo‘shiqni izladim. Jiddiy va ijtimoiy mavzudagi treklar orasida bitta quvnoq va sho‘x — “Ismim Sharif” degan qo‘shiq bor edi. Albom uchun suratga olinadigan boshqa kliplar qatorida bu musiqa ayniqsa yangicha va o‘zgacha jaranglashi mumkinligini tushundim.

Aynan o‘sha paytda neyrotarmoqlar chinakam “bum"ni boshdan kechirayotgandi. Har hafta yangi vosita paydo bo‘lardi: biri rasmlarni animega aylantirsa, boshqasi qo‘shiqlar yozar, yana biri istalgan kishi bilan “suhbat” o‘tkazardi. Biroq, shov-shuv bor-yo‘g‘i bir necha kun davom etar, so‘ng hamma avvalgi “sensatsiya"ni unutib yuborardi. Sun’iy intellekt yaratgan mazmun xuddi odamlar oqimga ergashib o‘ziga xosligini yo‘qotgani kabi bir xil bo‘lib qolib, qadrsizlana boshladi. Konsta treki ko‘plab ishora-yu kinoyalarga to‘la edi. U Sharifning hech qachon dabdabali bo‘lishga intilmagani, hammasi bir xil soxta muvaffaqiyat ortidan quvib yurgan dunyoda samimiylik kamyob hodisaga aylanib qolgani haqida edi.

Bu g‘oyalarning o‘zaro mosligi — sun’iy intellekt tizimlarining yasama mazmuni va odamlarning trendlar ortidan quvishda bir xil tarzda harakat qilishi o‘rtasidagi aloqadorlikni payqadim.

Shu sababli, san’atkorga ushbu o‘xshashlikka mos keladigan klip yaratishni taklif etdim. Zarur xizmatlarga bir nechta sinov obunalarini xarid qilib, bir hafta ichida 30 soniyalik sinov parchani tayyorlab, Sharifga ko‘rsatdim. U kulib yubordi, ammo darhol to‘liq rolik yaratishga rozi bo‘ldi. So‘ngra biz ko‘pincha mustaqil loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydigan SAVR brendining vakili Alisherga murojaat qildik. Ularga ham g‘oya ma’qul kelib, o‘sha kuni ishni boshlab yubordik.

O‘sha paytdan boshlab biz to‘rt oy davomida klip ustida ishladik, uning ikki oyini deyarli kompyuter qarshisidan turmasdan o‘tkazdik. Endi ish yakunlangach, sun’iy intellekt yordamida yaratish tez va arzon degan tasavvurni rad etishga tayyorman. Aksincha, bu jarayon nihoyatda ko‘p mehnat talab qiluvchi, murakkab va texnik jihatdan charchatadigan bo‘lib chiqdi, biroq minglab yangi imkoniyatlarni ham ochib berdi

Loyihaning texnik jihati

Konsepsiyani Sharifga ko‘rsatganimda, u yanada ko‘proq havolalar qo‘shishni maslahat berdi. Shundan so‘ng klipning birinchi qismida jahon madaniyatiga oid ko‘plab ishoralar paydo bo‘ldi: Breaking Bad seriali, 50 Cent va The Weeknd kliplari, GTA va San Andreas o‘yinlari va yana boshqa ko‘plab havolalar.

Ikkinchi qism esa butunlay o‘zbek madaniyatiga bag‘ishlandi — Mirshakarning jentrani sindirib tashlagan konserti, Amirxonning tok-shousi va mahalliy reperlar bilan uchrashuvlar singari epizodlar joy oldi.

Foto: Ismim Sharif klipdan kadrlar

Dastlab hammasini bitta neyrotarmoqda qilishni o‘ylagandim, ammo tezda universal yechim yo‘qligini angladim: har bir tarmoqning o‘z kuchli va zaif tomoni bor. Biri ajoyib rasm chizadi, lekin propmtda berilgan ko‘rsatmalarga e’tibor bermaydi, boshqasi ko‘rsatmalarga amal qiladi-yu ammo sifati unchalik yaxshi emas. Yana biri harakat fizikasini mukammal ifodalaydi, lekin umumiy uslubi multfilmga o‘xshab ketadi. Shu bois, jarayon davomida doimiy vosita almashtirishga to‘g‘ri keldi.

Masalan, MidJourney’da rasm yaratdim, ammo kichik o‘zgartirish kerak bo‘lsa, natija ko‘ngildagidek chiqmaganida uni boshqa neyrotarmoqqa o‘tkazdim. U yerda tafsilot qo‘shdim, lekin bu safar yuz buzilishi ehtimoli paydo bo‘lardi. Shunda suratni telefonimga yuklab, FaceApp yoki Pica AI orqali yuzni to‘g‘rilab, yana qayta yuklashimga to‘g‘ri keldi. Bunday ko‘p bosqichli jarayon sabab, sifat asta-sekin pasayib borardi va uni tiklash uchun qo‘shimcha neyrotarmoqni ishga solishga majbur bo‘ldim.

Ishni fotosurat yaratishdan boshladim. San’atkorning yuzi barcha kadrlarda bir xil bo‘lishi kerak edi, shu sababli Sharifni ikki marta skaner qildik: avval studiyada uni har tomondan suratga oldik, so‘ngra yashil fonda turli harakatlarni bajaradigan bir qator qisqa videolarni tasvirga tushirdik. Bu skanerlarni turli neyron tarmoqlarga yuklab, bir yoki bir yarim soatdan keyin tayyor raqamli personajni qo‘lga kiritdik. Shundan so‘ng istalgan ssenariyni berish mumkin bo‘ldi, masalan, u mashinada ketyotgan kadrlarini. Tayyor bo‘lgan videolarni moslashtirib, klipni jamladik.

Keyin ActTwo texnologiyasini — harakat va imo-ishoralarni taqlid qilish usulini qo‘lladim. Ba’zi sahnalarda u shunchaki matnni o‘qib qolmasdan, balki imo-ishora ham qilishi lozim edi. Men kamera oldiga o‘tirib, zarur harakatlarni bajardim, yozuvni yuklab, unga Konstaning sun’iy yaratilgan yuzini joylashtirdim. Shunda uning raqamli nusxasi barcha harakatlarimni takrorlay boshladi.


Video: Ismim Sharif klipidan video-lavha

Yakuniy bosqichda san’atkor o‘z so‘zlari matniga to‘g‘ri tushishi uchun lipsink qo‘lladik. Shunday qilib, 12 soatlik mehnat natijasida ikkita sahna — taxminan 15 soniyalik material tayyor bo‘ldi.

Jami 20−25 ta atrofida neyrotarmoqdan foydalandik. Uyimda ularning nomlari va obuna muddatlari yozilgan butun bir devor yopishqoq qog‘ozlar bor. Ularni o‘z vaqtida bekor qilishni unutmaslik uchun shunday qildim, aks holda to‘lov hisobi kelib tushadi. Ko‘pchilik bir oyga to‘lab, xohlagancha kontent yaratish mumkin, deb o‘ylaydi. Ammo deyarli barcha xizmatlar generatsiyalar soni bo‘yicha cheklangan: $80 lik obuna ba’zan atigi 70 ta klip yaratish imkonini beradi, xolos. Bu juda oz, chunki klipda o‘nlab kadrlar mavjud va har biri uchun 20−30 ta muvaffaqiyatsiz urinish sarflanadi. Shu bois, dastlab rejalashtirilgan obunalar tez tugab qoldi va ikki oy davomida qo‘shimcha obunalar sotib olishga majbur bo‘ldik. Bu esa pirovardida mo‘ljallanganidan ancha qimmatroqqa tushdi.

Mart oyidagi neyrotarmoqlar bilan hozirgi neyrotarmoqlar o‘rtasidagi farq juda katta ekanligini ham aytib o‘tishni istayman. Bitta tarmoqdan boshlab, yangilari paydo bo‘lgach, ularga ham o‘tib bordim. Asta-sekin biz sinab ko‘rish mumkin bo‘lgan deyarli barcha imkoniyatlardan foydalandik.

Butun jarayonni sun’iy intellektga topshirish mumkin emasligini tushunish muhim. Rejissura, ssenariy, havolalar, g‘oya — bularning barchasi mening zimmamda edi. Mashinalar shunchaki “qanday bo‘lishi kerakligini” tushunmaydi. Hatto tasvir va videolarni yaratish jarayoni ham avtomatik ishga aylanmasdi: bitta natijaga butun kun ketardi. Ma’lum bir vazifani berish mumkin bo‘lgan amaliyotchidan farqli o‘laroq, neyron tarmoqlar bilan men so‘rovlarni o‘zim tanlashim, har bir kadrni tekshirishim va qayta ishlashim kerak edi.

Jonli jamoa va sun’iy intellekt o‘rtasidagi farqlar

Bu klipning an’anaviy videotasvirga olishdan asosiy farqi — jamoa hajmida. Oddiy holatda 40 dan ortiq mutaxassis ishlashini tasavvur qilsak, biz atigi 5 kishilik kichik jamoa bilan bu ishni amalga oshirdik. Aslbek fonlarni o‘zgartirib, grafika ustida ishladi. Akbar o‘q otishlardan tortib atrof-muhit shovqinlarigacha bo‘lgan ovoz dizayni va tovush effektlarini yaratdi. Kolya bilan men prompt muhandisligi va neyrogeneratsiya ustida ishladik. Saddat esa kompyuter ekranlari uchun 2D grafika tayyorladi. Men esa promptlar yozish, montaj va rejissyorlik vazifalarini zimma oldim.

Shunday jamoa bilan biz qahramonning to‘pponcha bilan tungi shahar bo‘ylab yurishi, bulutlarda ulkan qosh ustida uchishi, GTA personajiga aylanishi va yana ko‘plab epik hamda kulgili harakatlarni bajarishi tasvirlangan rolik yaratdik. Nazariy jihatdan bularning barchasini bir kishi amalga oshirishi mumkin edi, ammo ahil jamoa ishni tezroq hamda sifatliroq bajarishni ta’minladi.

Yaxshi byudjet bilan bunday loyihani 40 kun ichida jonli suratga olish mumkin. Ammo O‘zbekistonda munosib joylashuv hamda professional jamoaga ega bo‘lgan har bir to‘laqonli almashinuv $30 mingdan boshlanadi. Klassik ishlab chiqarishda jamoa quyidagicha ko‘rinishga ega: sahnalashtiruvchi rejissyor, yoritgichlar guruhi bilan sahnalashtiruvchi operator, prodyuserlar (bosh, chiziqli, ijrochi), rekvizitorlar va dekoratorlar bilan sahnalashtiruvchi rassom, ikkinchi rejissyor, fokus-puller, kamera mexanigi, pleybek muhandislari, kasting direktori, aktyorlar, grimchilar, stilistlar, kostyumerlar va ovoz operatorlari. Jami maydonda 60 dan ortiq kishi ishlaydi, ularga yana kamida 15 nafar mutaxassisdan iborat post-prodakshn jamoasi qo‘shiladi.

Smena 12 soat davom etadi va belgilangan vaqtda tugatilmasa, qo‘shimcha ishlangan vaqt uchun haq to‘lash kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ularga qulay sharoitlar, ovqatlanish va suratga olish joylari o‘rtasida transport xizmati ta’minlanishi lozim, chunki ko‘pincha suratga olish ishlari bir joy bilan cheklanib qolmaydi.

Hatto byudjetli suratga olish variantida ham klipning xarajatlari $60−70 mingni tashkil etgan bo‘lardi. Homiylarni topish nihoyatda qiyin bo‘lgani sababli, klip ehtimol umuman yaratilmasligi mumkin edi. Neyron tarmoqlar esa bu sahnalarning barchasini hayotga tatbiq etish imkonini berdi. Bu shunchaki “neyrotarmoqda yaratilgan klip” emas, balki birinchi navbatda o‘zbek jamiyatidagi tashqi muvaffaqiyat ortidan quvishni aks ettiruvchi kuchli asardir.

Shunday qilib, asosiy xarajatimiz xizmatlar uchun obuna to‘lovlari edi. Butun davr mobaynida ularga taxminan $2000 sarflandi: ba’zida limitlar tugab qolgani sababli qo‘shimcha tarmoqlarni ulashga to‘g‘ri keldi, ammo byudjet baribir shu doirada qoldi. Xarajatlarning qolgan ustunlari — bu kirish qismini suratga olish, VFX va qahramonni skanerlashdir. Xayriyatki, SAVR brendining qo‘llab-quvvatlashi klipning yaratilishiga yordam berdi.

Butun loyiha bo‘yicha alohida faxrlanadigan jihat — bu 0 so‘m sarflangan media byudjet. Reklama o‘rniga biz virusli g‘oya o‘ylab topdik: Konsta neyron tarmoqlar “hech narsaga qodir emas”, degan soxta intervyuni yozib oldik. Bunga javoban blogerlar va obunachilar, jumladan taniqli shaxslar ham, Sharif bilan yaratilgan suratlarni joylashtira boshlashdi. Oxirida biz buni klip uchun qiziqtirish ekanini tan oldik, lekin baribir ijodiy va samarali targ‘ibotga erishishga muvaffaq bo‘ldik.

Foto: Suratga olish jarayoni, klipdan olingan kadrlar va soxta intervyudan rasmlar

Umid va voqelik. Menga erkin harakat qilish imkoniyati berilgani uchun, bizda bosqichma-bosqich kelishish bo‘lmadi. Shu sababli, san’atkor va Alisher klipni faqat u to‘liq tayyor bo‘lgandan so‘ng ko‘rishdi.

Ularning studiyasiga kirganimda, ular umuman hech narsani kutishmagan, hozir nimani ko‘rishlarini tasavvur ham qilishmagan edi. Shunchaki klipni qo‘yib berdim. Reaksiya esa zo‘r bo‘ldi — barcha havolalar ular uchun mutlaqo kutilmagan bo‘lib chiqdi, hazillarni esa sekin-asta tushunib yetishdi.

YouTube va Instagramdagi taxminan 80% izohlar olqishlarga to‘la edi.

Albatta, klipni ham, qo‘shiqni ham mutlaqo yoqtirmagan odamlar bo‘ldi. Ehtimol, agar klip oddiyroq bo‘lganda, u yanada ko‘proq tarqalgan bo‘lardi — chunki hamma ham matndagi ishoralar-u kinoyani tushunib yetavermaydi. Ammo aynan shu to‘yinganlik uni o‘ziga xos qilib qo‘ydi. Hatto kutilmagan fikrlar ham paydo bo‘ldi: kimdir “O‘zbekiston hali bunday kliplarga tayyor emas”, deb yozdi.

Klip va qo‘shiqning o‘zi maksimal darajada satirik. Misol uchun, ikkinchi bandda qimmatbaho qora mashinada o‘tirib, sevgi iztiroblari haqida kuylayotgan katta yoshli va badavlat erkak to‘g‘risida satrlar mavjud. Bu o‘rinda ijodkor hamma narsasi bor bo‘lsa-da, sevgi haqidagi qo‘shiqlarni yaratishda davom etayotgan hamkasblarini hazil-mutoyiba qilmoqda. Chunki bunday qo‘shiqlar yoshlarga, ayniqsa qizlarga ko‘proq ma’qul keladi.

Klipimiz matndan ko‘ra ancha keskinroq va hajviyroq bo‘lib chiqdi, hatto ba’zi sahnalarni o‘zimizga muammo tug‘dirmaslik uchun olib tashladik (kulib qo‘yadi).

Tijoratda SI’ning kelajagi

Menimcha, yaqin yillarda neyron tarmoqlardan foydalanilgan loyihalarga talab yanada kuchayadi. Aslida, bizning klip chiqmasidan ham oldin bunday takliflar kelib tushayotgan edi. Lekin men o‘zimni faqat “sun'iy intellekt rejissyori” sifatida ko‘rishlarini xohlamayman. Chunki sun’iy intellektni men alohida janr emas, balki ijodiy jarayonga xizmat qiladigan vosita deb bilaman.

Menga tasvirga olish maydonida ishlash, kamera va jamoa bilan birga bo‘lish yoqadi. O‘sha muhit, o‘sha hissiyot — hech qanday texnologiya uni almashtira olmaydi. Men uchun neyron tarmoqlar — bu kuchli yordamchi, xolos. Ularning vazifasi — rejissyorning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ammo hech qachon inson ijodkorligini to‘liq almashtirish emas.

Foto: Klip suratga olish jarayonidan

Mening yondashuvimda neyron tarmoqlar post-prodakshn jarayonini optimallashtirishning bir usuli hisoblanadi. Masalan, hozirgi kunda ovoz qayta ishlash butunlay boshqa darajaga ko‘tarilgan. Shunday holat bo‘lganki, kadrda notiq noto‘g‘ri iborani aytib qo‘ygan, biz esa uning ovozini to‘g‘ri matn bilan qayta yaratib, tabiiy ko‘rinishi uchun lab harakatlariga moslashtirdik. Grafika sohasida ham imkoniyatlar kam emas. Hamkasbim kam byudjetli serial uchun portlash sahnasini tayyorladi — oddiy sun’iy intellekt obunasi yordamida ishonchli effekt yaratishga erishdi.

Ammo shuni ta’kidlashim kerakki, natija doimo yo‘nalishni belgilaydigan insonning qo‘lida. Sun’iy intellektda intilishlar yo‘q — u shov-shuvli ish qilishni, Kann’da g‘olib bo‘lishni yoki tomoshabinni hayratga solishni xohlamaydi. U faqat berilgan vazifani bajaradi. Bir xil vosita yangi boshlovchi qo‘lida bir xil ko‘rinmaydi, tajribali mutaxassis qo‘lida esa butunlay boshqa natija beradi. Shu sababli, sun’iy intellekt allaqachon ko‘p narsani uddalay olsa ham, biz hali ham rivojlanish va takomillashishda davom etishimiz lozim.

Biroq, kasb qanchalik “matematik” xususiyatga ega bo‘lsa, sun’iy intellekt u sohada insonni shunchalik tezroq to‘liq o‘rnini egallashi mumkin.

Masalan, musiqani olaylik. Bundan ikki yil oldin musiqiy sun’iy intellekt tizimlari ajoyib treklar yaratayotgandi. Ular yaxshi chiqardi, chunki musiqa aslida matematikaga o‘xshaydi: chastotalar, notalar — butun musiqa nazariyasi formulalarga o‘xshab ketadi. Bu matematikani neyrotarmoqqa “yuklash"ning o‘zi kifoya va u haqiqatan ham ajoyib qo‘shiqlar yarata boshlaydi.

Masalan, Suno qilayotgan ishlar haqiqatan ham hayratlanarli. Yaqinda men bir qo‘shiq yozib, uni blyuz janrida ijro etishni so‘radim. Natijada, film saundtreki uchun bemalol ishlatsa bo‘ladigan mukammal tayyor kompozitsiyaga ega bo‘ldim.

Raqamlar bilan bog‘liq kasblarda bu allaqachon yaqqol sezilmoqda — sun’iy intellekt xodimlar sonini juda tez qisqartirib bormoqda.

Ijodiy sohada esa vaziyat boshqacha. Hozircha neyron tarmoqlar ko‘proq yordamchi vazifasini o‘taydi. Ha, ular jarayonlarni ancha tezlashtiradi va samaraliroq qiladi, lekin butun ijodiy jamoalarni birdaniga almashtirib bo‘lmaydi. Ilgari to‘rtta boshlang‘ich mutaxassis ishlagan bo‘lsa, endi neyron tarmoqlarini tushunadigan bitta mutaxassis ularning ishini qisman qoplab bera oladi.

Shu bilan birga, olgan tajribam oddiy suratga olishlarda ham foyda beradi. Endi aniq tushundimki, ba’zi kadrlarni neyron tarmoqlar yordamida “jonlantirish” yoki “qutqarish” mumkin, boshqalarini esa faqatgina real maydonda, grafikasiz yaratish lozim.

Bu yerda muvozanat juda muhim: har bir loyiha ortida o‘z g‘oyasi bilan yonib turgan inson bo‘lishi kerak, neyron tarmoqlar esa uning ishini tezroq, arzonroq va sifatliroq amalga oshirishga yordam beradi. Aks holda, barcha kontent bir-biriga o‘xshash bo‘lib qoladi va tomoshabinda qiziqish uyg‘otmay qo‘yadi.