Toshkentning yangi xalqaro aeroporti uchun Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridan yer maydoni ajratiladi. Bu haqda Toshkent viloyati kadastr boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, yangi havo bandargohi uchun O‘rta Chirchiq hamda Quyi Chirchiq tumanlaridan jami 1309,76 gektar yer maydoni ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Shundan sug‘oriladigan yerlar 1075,45 gektarni, bog‘lar 112,69 gektar hamda yaylov va pichanzorlar 0,65 gektarni tashkil etadi. Boshqa yerlar esa 120,97 gektardan iborat.
O‘z navbatida ajratiladigan yerlarning 60%i — 790,76 gektari O‘rta Chirchiq tumaniga to‘g‘ri keladi
Uning taqsimoti quyidagicha:
- sug‘oriladigan yerlar — 609,95 gektar;
- bog‘lar — 112,63 gektar;
- yaylov va pichanzorlar — 0,65 gektar;
- boshqa yerlar — 67,53 gektar.
Quyi Chirchiq tumanidan jami 519 gektar yer ajratiladi:
- sug‘oriladigan yerlar — 465,5 gektar;
- bog‘lar — 0,06 gektar;
- boshqa yerlar — 53,44 gektar.
Joriy yilning avgust oyi boshida Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilib, unda Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilayotgani, hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov yangi aeroport mavjud havo bandargohidan 17 km uzoqlikda, poytaxtdan janubda qurilishini ma’lum qildi. Manzil logistika va transport infratuzilmasiga, jumladan, Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi M-39 avtomagistraliga yaqinligidan kelib chiqib tanlangan. Bundan tashqari, poytaxtning yangi aeroporti bo‘lajak Toshkent-Samarqand pulli yo‘li yo‘nalishida joylashadi.
Spot Toshkent viloyati xaritasini tahlil qilib, amaldagi aeroportdan 17 km masofani hisobga olgan holda, yangi havo portining ehtimoliy joylashuv o‘rni Yangiyo‘l shahri yaqinida bo‘lishi mumkinligini aniqlagandi. Anonim qolishni xohlagan ishonchli manba buni Spot’ga tasdiqlagandi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Toshkentning yangi xalqaro aeroporti O‘rta Chirchiq tumanidagi 1200 gektar maydonda qurilishini ma’lum qildi.
Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Toshkentdagi mavjud aeroport yiliga 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga egaligini qayd etdi. Terminalni 2030-yilgacha kengaytirish hisobiga yo‘lovchilar oqimi 15 mlngacha yetishi mumkin. Biroq, bir vaqtning o‘zida bir nechta uchish-qo‘nish yo‘lagidan foydalanish imkonsiz.
Umarxo‘jayev keyingi besh yil ichida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport qurilishiga yuqori talab mavjudligini qayd etdi. Birinchi bosqichda havo porti yiliga 20 mlngacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, 169 ta samolyotni joylashtirish va bir vaqtning o‘zida soatiga 40 dan ortiq uchish-qo‘nishni ta’minlaydi.
Bundan tashqari, Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi yangi xalqaro aeroportga $200 mln sarmoya kiritmoqchi. Kompaniya prezidenti Kosuke Uemura hamkasblari bilan birgalikda loyiha ustida ish olib borilayotgani haqida xabar berdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasiga ko‘ra, 2026-yil Toshkent, Buxoro va Urganch shaharlarida yangi xalqaro aeroportlar qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kirishish ko‘zda tutilgan.
Yangi Toshkentda aeroport
2024-yil sentabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot bilan suhbatda poytaxtning 13-tumani — Yangi Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishini ma’lum qilgandi.
“Barchasi reja asosida. Hozircha hech kim hech narsa boshlamagan. Tez orada — prezident ma’qullagach boshlanadi. Avval investor topishimiz va u bilan hamma narsani kelishib olishimiz kerak. Loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida [amalga oshiriladi]”, — dedi u.
Transport vaziri o‘rinbosarining qayd etishicha, vaqt o‘tishi bilan yangi operatorlarni jalb qilish, xususiy investitsiyalar va yangi yer uchastkalarini o‘zlashtirish bilan o‘tish ko‘zda tutilmoqda. Yangi aeroport qurilgach, moslashish va sinovdan o‘tkazish davri boshlanadi, bu esa taxminan 2−3 yil davom etadi.
Choriyev o‘sib borayotgan yo‘lovchilar oqimi va talablarni qondirish uchun mavjud aeroportni doimiy ravishda kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Yangi aeroport foydalanishga topshirilgunga qadar mavjudiga investitsiya kiritish, jumladan, perronlar, avtoturargohlar va aerovokzalni kengaytirish davom etadi.
“Biz [yangi aeroport] qurganimizdagina investitsiyalarni to‘xtatamiz. Keyin moslashuv davri boshlanadi. Men investitsiya kiritish va kengaytirishni to‘xtatishni aytgan bo‘lardim. Agar biz [mavjud aeroportni] kengaytirmasak, yomon ahvolga kelib qoladi”, — dedi Jasurbek Choriyev.
Agar 2030-yilgacha yangi aeroport qurilsa, hech bo‘lmaganda 2028−2029-yillarga qadar mavjud aeroportni rivojlantirish va unga sarmoya kiritish kerak, deya qo‘shimcha qildi u. Moslashish davrida yangi aeroportga o‘tish munosabati bilan mavjud aeroportga investitsiyalar to‘xtatiladi.
Prezidentning 2024-yilning 31-avgustdagi qarori bilan Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports”, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligiga sentabr oyida yangi aeroport qurish va boshqaruvini topshirish bo‘yicha strategik tashabbuskorlar bilan muzokaralar o‘tkazish topshirilgan.
Loyihaning dastlabki qiymati $1,5 mlrdni tashkil etib, 2025-yilda loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, xususiy sherikni tanlash rejalashtirilgan. 2026-yilning dekabrigacha esa DXSh bitimini imzolash belgilangan.
“Cross Works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Yangi Toshkent” bosh rejasiga muvofiq, hududda aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Iyun oyida hukumat qarori bilan egizak minoralar, ikkita universitet kampusi, davlat idoralari va qirg‘oq joylashgan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlangandi.
Avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida beshta yangi taksi turargohi qurilishi haqida xabar berilgandi. Talablar orasida benzinli yangi avtomobillar parki, kartalar va naqd pullarni qabul qilish, haydovchilarning maxsus kiyimlari bor. Auksion 3-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.