2026-yilda Toshkent, Buxoro va Urganch shaharlarida yangi aeroportlar qurilishini boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida ma’lum qilingan.
Hujjatga ko‘ra, kelasi yil Toshkent, Buxoro va Urganch shaharlarida yangi xalqaro aeroportlar qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kirishish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, hokimiyat ichki havo yo‘lovchi tashishlar hajmini kamida 1,5 barobarga ko‘paytirish va aviatsiya xizmatlari bozorida raqobatli muhit yaratish maqsadida kamida 6 ta xalqaro aviakompaniyani jalb etishni rejalashtirmoqda.
2024-yil may oyida Transport vaziri Ilhom Mahkamov prezidentga Buxoro tumanidagi yangi xalqaro aeroportni tanishtirgan edi. Qiymati $226 mln bo‘lgan loyiha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshiriladi. Uzbekistan Airports Buxoroning yangi aeroporti 2026-yil oxirigacha qurilishini prognoz qilgan edi.
Aprel oyida Urganch xalqaro aeroporti tender g‘olibi deb topilgan Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi boshqaruviga o‘tkazildi. Davlat-xususiy sheriklik loyihasining umumiy qiymati $222 mlnga baholanmoqda. Xususiy sherik havo bandargohini modernizatsiya qilish uchun $115 mln sarmoya kiritadi va uni 2047-yilgacha boshqaradi.
1-avgust kuni prezident Toshkent uchun yangi xalqaro aeroport qurilishini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Birinchi bosqichda havo porti yiliga 20 mlngacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, bir vaqtning o‘zida 169 ta samolyotni joylashtirish va soatiga 40 dan ortiq uchish va qo‘nishni ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev yangi aeroport to‘liq raqamlashtirilishi va “eng zamonaviy texnologiyalar"dan foydalangan holda qurilishiga va’da berdi.
Avvalroq Spot Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishi sentabr oyi boshida yakunlanishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, biznes aviatsiyasining charter reyslarini yangi aeroportga ko‘chirish rejalashtirilmoqda.