Senat 4-sentabr kuni transport sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha bilan bir qator qonunchilik hujjatlariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga hamda tashishlar samaradorligini va sifatini oshirish orqali yuk hamda yo‘lovchilar tashishdagi xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga temir yo‘l transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini hamda yo‘lovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarini buzganlik uchun jarima solishga sabab bo‘lishini belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ushbu kodeks yangi 113−1-modda bilan to‘ldirilmoqda. U tashishlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m) miqdorida jarima solishni belgilaydi.
Amalda temir yo‘l tashishlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kamchiliklar va huquqbuzarliklar aniqlanganida Transport nazorati inspeksiyasi yuridik shaxsga nisbatan faqat ko‘rsatma berish huquqiga ega.
Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda 2024-yilda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq 130 ta hodisa sodir etilgan. Natijada qariyb 4 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Avtomobil yo‘llarining tartibga solinmagan temir yo‘llari kesishmalarida poyezdlar hamda avtotransport vositalari ishtirokida 38 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida 11 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Qonun bilan xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun BHMning 7 baravari (2,88 mln so‘m) miqdorida jarima belgilash rejalashtirilmoqda.
Senatorlar tomonidan qonun transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga hamda yuk va yo‘lovchilar tashishdagi xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Avvalroq Spot 2026-yildan O‘zbekistonda ismni mashinaga raqam qilib qo‘yishga ruxsat berilishi haqida yozgandi. Uzavtomotobelgiga “noyob” davlat raqami belgilarini elektron savdolarda sotish huquqi berildi.