UzAuto Motors 2025-yilda Chevrolet Cobalt avtomobilining yangilangan versiyasini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Chevrolet Uzbekistan matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangilangan model o‘zida “eng yaxshi jihatlarni saqlab qolgan holda”, innovatsion texnologiyalar, ishonchli funksiyalar va zamonaviy tashqi ko‘rinishga ega bo‘ladi.

“Cobalt 2025: orzularingiz haqiqatga aylanganda. Yurtdoshlarimizdan bu mashhur avtomobilning yangilangan ko‘rinishi qanday bo‘lishini xohlashlarini so‘rab ko‘rdik va ko‘pchilikning istaklarini inobatga olgan holda uni yaratdik. Tanishing, Cobalt 2025 — unda sizga kerakli hamma narsa, hatto kutganingizdan ko‘prog‘i mavjud!”, — deyiladi xabarda.

Kompaniya avtomobilning boshqa tafsilotlarini taqdim etmagan hamda uning sotuvga qachon chiqarilishi haqida ma’lumot bermagan.

UzAuto Motors matbuot xizmati Spot’ga Cobalt avtomobilining yangilanganini tasdiqladi. Biroq, avtomobil ishlab chiqaruvchisi narxni ochiqlamadi hamda uni tez orada e’lon qilinishini bildirdi.

Autostrada nashrining yozishicha, yangi Cobalt joriy yilda taqdim etilishi va dastlabki xaridorlar avtomobillarni yil oxirigacha olishlari mumkin.

Qayd etilishicha, avtomobil salon qismi sezilarli o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi. Unda dvigatel harorati datchigi bilan jihozlangan Tracker 1 asboblar paneli, telefonni avtomobil tizimiga oson ulash uchun Android Auto va Apple CarPlay funksiyali MyLink sensorli multimedia tizimi mavjud bo‘ladi.

Shu bilan birga, yangilangan Cobalt rulda multimedia boshqaruvi, kruiz-kontrol va old o‘rindiqlar isitgichiga ham ega bo‘ladi. Ushbu qismlarni “ko‘chada” o‘rnatish taxminan $900 ga tushishi mumkin.

Nashr prognozlariga ko‘ra, yangi pozitsiya narxi taxminan 160−170 mln so‘m ($13−14 ming) atrofida bo‘ladi.

2024-yilning oktabrida UzAuto Motors Chevrolet Cobalt’ning Midnight komplektatsiyasida ishlab chiqarishni boshladi. Avtomobil narxi 155 231 000 so‘mni yoki mavjud variantlardan 7,3 mln so‘mga qimmatroqni tashkil etadi.

Joriy yilning avgust oyida kompaniya O‘zbekistonda yangi Chevrolet Tahoe 2025 High Country avtomobilini taqdim etdi. Narxi 1,46 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan avtomobillar savdosi 11-sentabrdan boshlanadi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda ismlardan avtomobil raqami sifatida foydalanishga ruxsat berilgani haqida yozgandi.