Avvalroq O‘zbekiston 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tishi haqida xabar berilgandi. Bu maktabga tayyorlov guruhlarini maktab ta’limiga qo‘shish orqali joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabovning qayd etishicha, bu xorijiy oliygohlarga o‘qishga kirayotgan yoshlarning tayyorlov kurslarida (Foundation courses) o‘qish majburiyatini bekor qiladi.
Advokat, ta’lim muassasalari tarmog‘i va Profi universiteti asoschisi Bektosh Hatamov o‘zining Telegram-kanalida 12 yillik maktab ta’limi qanday bo‘lishi haqida so‘z yuritdi.
Unga ko‘ra, ushbu tizim quyidagi uch bosqichdan iborat bo‘ladi:
- 1 yillik tayyorlov va 4 yillik boshlang‘ich ta’lim;
- 5 yillik umumiy o‘rta ta’lim (5−9-sinflar);
- 2 yillik to‘liq o‘rta ta’lim — maktab, akademik litsey hamda harbiy maktab va texnikumlarda.
Shuningdek, Hatamov bir yillik tayyorlov guruhlarining hisobiga bolalar maktabga 6 yoshdan borishini qayd etdi.
“Lekin shu joyi meni xavotirga solmoqda, sinflar yetishmasligi muammosini hal qilolmayotganimizda yana bir yil qo‘shish orqali bunga qanday yechim qilinadi, muammo yanada kattalashib ketmasmikan?”, — deb yozadi u.
Bundan tashqari, Bektosh Hatamov 12 yillik ta’lim tizimi faqatgina “bir yil qo‘shish” emas, balki butun metodika, dastur, o‘qitish uslubi va infratuzilmani zamonaviylashtirishni talab qiladi. Aks holda, u ko‘zlangan natija bermasligi mumkin degan xavotirlarim bor.
Avvalroq Spot Oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari ishdan olingani haqida yozgandi. Shuningdek, prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adham Xudayqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavomizni tark etdi. Oliy ta’lim vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev ham lavozimidan ozod etildi.