Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab ta‘limi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Joriy yildan boshlab oliygohlarda qabul kvotalarini investitsiya loyihalarida kadrlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Endilikda investor buyurtmasi bilan texnikumlarda ham kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Investor so‘roviga asosan texnikumdagi ta’lim dasturlarini 30% gacha o‘zgartirish mumkin bo‘ladi.
Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi.
Prezident tarmoq uyushmalari o‘zlariga a’zo ish beruvchilarning malaka talablarini tayyorlab bera olmayotgani, oqibatda korxona ham zarar ko‘rayotgani, texnikumlar ham nimani o‘qitishni bilmayotgani bo‘yicha e’tiroz bildirdi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi Kasbiy ta’lim agentligi bilan birgalikda tarmoqlardagi korxonalar uchun kerakli kasblar kesimida standart va talablarni ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq o‘rta ma’lumotli tarbiyachilar uchun OTMlarda yangi ta’lim shakli joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Yangi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida 1+5 bakalavr ta’lim shakli yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tarbiyachilar 1 kun o‘qish va 5 kun ish tamoyilida tahsil oladi.